Bayden Navalniyning bevasi va qizi bilan uchrashdi
Olam
−
23 fevral
10998AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 22 fevral kuni rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi va qizi bilan uchrashdi. Bu haqda “Amerika Ovozi” xabar berdi.
Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amerika yetakchisi Navalniyning “erkin va qonun ustuvorligi hamma uchun birdek amal qiladigan demokratik Rossiya uchun korrupsiyaga qarshi kurashdagi favqulodda jasorati”dan hayratda ekanini bildirdi.
"Bugun men Aleksey Navalniyning yaqinlari – Yuliya va Dasha Navalnayalar bilan uchrashib, ularning fojiali yo‘qotishiga hamdardlik bildirdim. Alekseyning jasorati, merosi Yuliya va Dashada, shuningdek, Rossiya bo‘ylab demokratiya va inson huquqlari uchun kurashayotgan son-sanoqsiz odamlarda saqlanib qoladi”, deydi Prezident Bayden.
Shuningdek, Bayden AQSH Navalniyning o‘limi, Rossiya repressiyasi va tajovuzlari hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga javoban bugun, 23 fevral kuni Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli yangi sanksiyalar e’lon qilishini tasdiqladi.
“Ushbu chora-tadbirlar to‘plami Rossiyaning mudofaa va sanoat bazasini o‘z ichiga olgan bir qator ob’ektlarga, shuningdek, Rossiya iqtisodiyoti uchun daromad manbalariga qaratilgan bo‘ladi”, degan Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiya hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etganini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng bir qator dunyo siyosatchilari, jumladan AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putinni aybladi.
LiveBarchasi