Bayden NATO safiga qo‘shilgan Finlyandiyani qutladi
Olam
−
04 aprel 2023
4304AQSH Prezidenti Jo Bayden Finlyandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishini olqishlashini aytdi. Uning bayonoti Oq uy saytida chop etildi.
“Bugun men Finlyandiyani NATOning 31-ittifoqchisi sifatida g‘urur bilan qutlayman”, deyiladi hujjatda.
Baydenga ko‘ra, Finlyandiyaning blokka kirishi NATO tashkil topganidan beri eng tez amalga oshirilgan holat bo‘lgan.
“2022 yil may oyida Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Ikkala davlat ham bizning qadriyatlarimiz va dunyoqarashlarimizni baham ko‘radigan yuqori samarali harbiy kuchlarga ega qudratli demokratik davlatlardir. Bir yildan kamroq vaqt ichida biz Finlyandiyani a’zo sifatida qabul qildik, bu zamonaviy NATO tarixidagi eng tez ratifikatsiya jarayoni bo‘ldi”, deyiladi AQSH Prezidenti bayonotida.
Shuningdek, Bayden Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishini intiqlik bilan kutayotganini aytgan. U Turkiya va Vengriyani ratifikatsiya jarayonlarini kechiktirmasdan yakunlashga chaqirgan.
Bundan tashqari, AQSH Prezidenti Kreml Ukrainada urush olib borish orqali Yevropa va NATOni bo‘linishini kutganini, biroq bugun blok har qachongidan ham jipslashganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 4 aprel kuni Finlyandiya rasman NATOning 31-a’zosiga aylandi. Alyans qarorgohida Finlyandiya bayrog‘i ko‘tarildi. Rasmiy marosimda so‘zga chiqqanlar, xususan, Finlyandiya Prezidenti va NATO Bosh kotibi tez orada Shvetsiyani ham o‘z saflarida ko‘rish niyatida ekanini bildirdi.