Bayden MRB rahbarini o‘z jamoasiga taklif qildi
Olam
−
22 iyul 2023
5853AQSH Prezidenti Jo Bayden Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Bernsni o‘z Kabineti (Vazirlar Mahkamasi) safiga taklif qildi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
“Men Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Bernsni o‘z kabinetim a’zosi sifatida taklif qilganimni bildirishdan mamnunman”, deydi Prezident Oq uy veb-saytida taqdim etilgan bayonotda.
Baydenning aytishicha, Berns Milliy razvedka direktori bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda razvedka ma’lumotlaridan AQSHga muhim strategik ustunlik berish uchun foydalangan. Prezidentning fikricha, Berns boshchiligida Markaziy razvedka boshqarmasi AQSH milliy xavfsizligiga oid asosiy muammolarni hal qilish uchun aniq va uzoq muddatli yondashuvni taklif qiladi. Muammolar orasida Prezident Bayden Ukrainadagi urush va Xitoy bilan raqobatni alohida urg‘ulab ko‘rsatgan.
Bayden kabinetining hozirgi tarkibiga vitse-prezident, 15 vazir, shuningdek, bosh prokuror va davlat kotibi kiradi.
“The Washington Post” nashrining yozishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan ancha oldin Berns Oq uyning Moskva bilan asosiy aloqachisi bo‘lgan, bundan tashqari, Bayden ma’muriyatining boshqa a’zolaridan farqli o‘laroq, u Prezident Vladimir Putin bilan bevosita aloqa qilgan. Berns endilikda Davlat kotibi va Mudofaa vaziri bilan birga kabinet yig‘ilishlarida qatnashishi mumkin.
Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Devid Prissning aytishicha, AQSHning boshqa prezidentlari Markaziy razvedka boshqarmasi direktorlarini kabinet a’zosi etib tayinlamagan, chunki ular razvedkaning roli siyosiy emas deb bilgan. Hozirgi prezidentlar esa kabinetdan jiddiy muhokamalar va eng muhim siyosiy dasturlarni shakllantirish uchun foydalanmagan.
Ma’lumot uchun, Uilyam Berns 2005 yildan 2008 yilgacha AQSHning Rossiyadagi elchisi, keyin esa AQSH Davlat kotibi vazifasini bajaruvchi, 2011-2014 yillarda Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2021 yilda Bayden Bernsni Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimiga tayinlagan, keyinroq uning nomzodi Senat tomonidan ham ma’qullangan.