Bayden qochqinlarni qabul qilish rejasini saqlab qolmoqchi
Olam
−
06 Sentabr
2423AQSH qonunchilariga taqdim etilgan ichki hisobotga ko‘ra, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati kelgusi yilda 125 000 qochqinni qabul qilish rejasini saqlab qolmoqchi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Bayden ma’muriyati 30 sentyabrda tugaydigan 2024 moliya yilida AQSHning qochqinlarni qabul qilish dasturi orqali belgilangan 125 000 dan kamida 100 ming kishini qabul qilishga intilmoqda. Agar reja muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu oxirgi o‘ttiz yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi.
Nashrga ko‘ra, immigratsiya 5 noyabr kuni bo‘ladigan saylovlar oldidan saylovchilarni tashvishga soladigan asosiy masala hisoblanadi. Shuningdek, respublikachilardan prezidentlikka nomzod va sobiq AQSH rahbari Donald Tramp 2017-2021 yillardagi prezidentlik davrida qochqinlarni qabul qilishni sezilarli darajada cheklagan edi. Agar u qayta saylansa, immigratsiyaga qarshi keng qamrovli choralar ko‘rishga va’da bergan.
Bayden ilk bor 2022 moliya yilida 125 000 qochqinni qabul qilishni maqsad qilgan, lekin bu amalga oshmay qolgan. Ammo uning ma’muriyati Lotin Amerikasidan qochqinlar kirishini ko‘paytirgan.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Lotin Amerikasi va Karib havzasidan 2023 yil 1 oktyabrdan 2024 yil 31 iyulgacha 16 mingdan ortiq qochqin AQSHga kirib kelgan.
Ma’lumot uchun, AQSH qochqinlarni qabul qilish dasturi odatda irqi, dini, millati, ma’lum bir ijtimoiy guruhga a’zoligi yoki siyosiy qarashlari asosida ta’qibga uchragan va vatanidan tashqarida bo‘lgan odamlar uchun amal qiladi. Ariza beruvchilar maqomga ega bo‘lishlari uchun AQSHdan tashqarida bo‘lishlari zarur.
LiveBarchasi