Bayden Eronning sobiq prezidentiga sanksiya kiritdi
Olam
−
19 Sentabr 2023
4996AQSH Prezidenti Jo Bayden Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod (2005-2013) va mamlakat Razvedka vazirligiga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Bu haqda Amerika rahbari bayonotida aytildi.
"Bugun biz sobiq prezident Mahmud Ahmanidajod va Eron Razvedka vazirligiga qarshi sanksiyalar kiritmoqdamiz. Biz Eronni mintaqadagi provokatsion harakatlari uchun javobgarlikka tortishda davom etamiz", deyiladi bayonotda.
Qayd etish joizki, mazkur sanksiyalarning kiritilishi AQSH tomonidan bir xil miqdordagi eronliklarning ozod etilishi evaziga Eron asirligidan besh amerikalik ozod qilinganiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, kelishuv Eronning olti milliard dollarlik muzlatilgan aktivlarini gumanitar ehtiyojlar uchun mamlakatga qaytarishni ham nazarda tutadi.
Bayonotga ko‘ra, Amerika o‘z fuqarolarining qaytib kelganidan xursand bo‘lsada, Vashington hali qaytmaganlarni unutmaydi. Shu o‘rinda, Bayden Tehronni 2007 yilda g‘oyib bo‘lgan Robert Levinson bilan sodir bo‘lgan voqealar haqida to‘liq ma’lumot berishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Oq uy dastlab Robert Levinson Eronga ish safari bilan ketganini da’vo qilgan, ammo 2013 yilda jurnalistlar bu odam AQSH Markaziy razvedka boshqarmasiga topshiriqni bajarayotganini bilib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “5x5” formatida AQSH-Eron almashinuv kelishuvi doirasida besh nafar amerikalik ozod etilgani ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi