Bayden Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligiga va’da berdi
Olam
−
17 iyul 2022
8708AQSH Eron yadro quroliga ega bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden Jidda shahrida 9 arab davlati rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining sammitida aytib o‘tdi.
“AQSH Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini ta’minlashga qat’iy qaror qildi”, degan Prezident Bayden.
U AQSH mintaqadan ketmasligini va o‘zidan Xitoy, Rossiya yoki Eron tomonidan to‘ldiriladigan bo‘shliq qoldirmasliginita’kidlagan. Sammitda so‘zga chiqqan Oq uy rahbari shuningdek, ishtirokchilar e’tiborini Moskva, Pekin va Tehronning jahon sahnasidagi harakatlariga qaratgan.
“Biz dunyo va Yaqin Sharqdagi tartibni buzishga urinishlarni ko‘ryapmiz. Xitoy dunyoda, asosan, Hind-Tinch okeani mintaqasida bosimini oshirdi, Rossiya qo‘shni Ukrainaga qarshi shafqatsiz va adolatsiz urushini davom ettirmoqda, Eron esa Yaqin Sharqda beqarorlashtiruvchi faoliyatini davom ettirmoqda”, deya tushuntirgan Amerika Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH mintaqadagi faol hamkor bo‘lib qoladi va terrorizmga qarshi kurashda ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlaydi. Oq uy rahbari Vashington qoidalarga asoslangan dunyo tartibiga hissa qo‘shayotgan davlatlar bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashga harakat qilishiga va’da berdi.
“AQSH bu davlatlar ham o‘zlarini tashqi tahdidlardan himoya qila olishlariga ishonch hosil qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Bayden.
Eslatib o‘tamiz, Bayden Saudiyadan oldin Isroilga tashrif buyurib, u yerda ham Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi masalasida fikr bildirgandi. Isroil telekanallaridan biriga bergan intervyusida Vashington Tehron bunday ommaviy qirg‘in qurolini qo‘lga kiritmasligi uchun kuch ishlatishga ham tayyorligini aytgandi. Keyinroq Isroil Bosh vaziri Yair Lapid bilan qo‘shma matbuot anjumanida Eron AQSHning shartlarini qabul qilmasa, Tehronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi