AQSH qaysi davlatlarni BMT Xavfsizlik kengashiga qo‘shishni istayapti?

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida Vashingtonning BMT Xavfsizlik kengashini kengaytirish istagini tasdiqlaydi. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi “The Daily Telegraph” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biz Xavfsizlik Kengashi arxitekturasini ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayotganimizni aniq aytdik. Fikrimizcha, u inklyuziv va keng qamrovli bo‘lishi kerak”, degan u. 

Kirbining ta’kidlashicha, Bayden bu hafta BMT Xavfsizlik Kengashining kengaytirilishini qo‘llab-quvvatlab chiqadi.

Hozirgi vaqtda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi bor: Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH va Fransiya. Bu mamlakatlarning har biri kengashda veto huquqiga ega. Kengashga geografik asosda 2 yil muddatga saylangan 10 ta davlat esa doimiy bo‘lmagan a’zo maqomiga ega.

AQSH ma’muriyati vakillari BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish zarurligi haqida bir necha bor gapirgan. Xususan, Bayden o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasidagi nutqida Vashington BMT Xavfsizlik Kengashidagi doimiy va nodoimiy vakillari sonini Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari hisobiga ko‘paytirishini aytgan. Shuningdek, AQSH Hindistonga BMT Xavfsizlik Kengashida doimiy a’zolik maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, manbaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Germaniya va Yaponiyani isloh qilingan Xavfsizlik Kengashida ko‘rishni istaydi.

Eslatib o‘tamiz, 5 sentyabr kuni BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Nayrobida bo‘lib o‘tgan Afrika iqlim sammitida Birlashgan millatlar tashkilotini isloh qilish uchun Afrika davlatlaridan biri BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosiga aylanishi kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing