Bayden Amerikani inqirozdan tezroq chiqarmoqchi
Olam
−
30 yanvar 2021
3743AQSH prezidenti Jozef Bayden Kongress mamlakatni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozdan xalos etish uchun imkon qadar tezroq 1,9 trillion dollarlik rag‘batlantirish paketini qabul qilishi kerak deb hisoblaydi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida yozgan.
"Moliya vaziri Janet Yellen aytganidek, iqtisodni qutqarish haqida gap ketganda harakatsizlikning qiymati ayniqsa katta. Kongress tezkorlik bilan harakat qilishi va yordamni yetkazib berish va inqirozdan chiqishimizga ko‘mak berish uchun Amerikani qutqarish rejasini qabul qilishi kerak", deyilgan bayonotda.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu chora-tadbirlar to‘plami pandemiyaga qarshi kurashish uchun taxminan 400 milliard dollar ajratishni o‘z ichiga oladi.
1 trillion dollar aholiga yordam berishga, qolgan qismi iqtisodiyotni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Fuqarolarga oylik to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar 2 ming dollarga ko‘payadi.
Eslatib o‘tamiz, demokratlar partiyasi yordam uchun har bir kishiga 1200 dollar ajratilishini ta’minlashga harakat qilgandi. Respublikachilar esa ushbu qo‘llab-quvvatlash chorasini 600 AQSH dollarigacha kamaytirishni maqul ko‘rgan edi. O‘tgan yil oxirida 600 dollarlik paket sobiq Prezident Donald Tramp tomonidan imzolangan mamlakatning 2021 yilgi byudjetiga kiritilgan edi.