Bayden AQSH va Rossiya qaysi sohalarda hamkorlik qila olishini ma’lum qildi
Olam
−
29 iyun 2021
5633Rossiya va AQSH yadroviy qurolni tarqatmaslik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatiga ega. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’lum qilgan.
“Men Prezident (Vladimir) Putinga aniq aytdimki, Amerika bilan munosabatlar barqaror bo‘lishi va oldindan aytib berilishi kerak, biz o‘z manfaatlarimiz bo‘lgan joyda — yadro qurolini tarqatmaslik va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik qilishimiz kerak”, degan Amerika rahbari.
Shuningdek, Bayden mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlardagi qiyinchiliklar haqida gapirib, AQSHga Rossiya tomonidan kiberhujumlar bo‘lsa yoki Rossiya Amerikaning iqtisodiyotiga aralashsa, javob choralari ko‘rishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Rossiya-AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi. La Granj qasrida bo‘lib o‘tgan Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi yuzma-yuz uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ko‘plab qirralari muhokama qilindi.
Avvalroq, Kreml Jenevadagi sammit yakuni bo‘yicha AQSHni Rossiyaga do‘st bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish uchun hech qanday asoslar mavjud emasligini, uchrashuvning amaliy natijalarini kutish kerakligini ta’kidlagandi.