Bayden AQSH tarixidagi eng korrupsioner Prezident – Tramp
Olam
−
25 iyul 2023 5283 2 daqiqa
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp amaldagi davlat rahbari Jo Baydenni Qo‘shma Shtatlarning “eng korrupsioner” Prezidenti deb atadi va mamlakat qonun chiqaruvchilarini chora ko‘rishga chaqirdi. Siyosatchi bu haqda kecha, 24 iyul kuni o‘zining Truth Social’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng korrupsiyaga botgan Prezident. Bu haqda har kuni Vakillar palatasida inkor etib bo‘lmaydigan dalillar taqdim etiladi”, deydi Tramp.
Shuningdek, sobiq Prezident nega AQSH Senatidagi respublikachilar haligacha “yolg‘onchi” Jo Bayden va “radikal so‘l demokratlar, fashistlar va marksistlar”ni mamlakatga qarshi jinoiy harakatlari uchun qoralamaganidan hayratda ekanini aytgan.
"Amerika Senat harakat qilishini qancha vaqt kutishi kerak?" deydi siyosatchi.
AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti (Kaliforniya shtati) ham qonunchilar Bayden oilasining xorijdagi korrupsion sxemalarga aloqadorligi sababli unga impichment e’lon qilish bo‘yicha tergov o‘tkazish niyatida ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH Vakillar palatasining Nazorat va mas’uliyat qo‘mitasidagi respublikachilar Baydenning oila a’zolari va ular bilan aloqador shaxslar ilgari kompaniyalar tarmog‘i orqali xorijdan millionlab dollar olgani haqida dalillar borligini e’lon qildi. Qo‘mita raisi Jeyms Komerning so‘zlariga ko‘ra, bu 20 dan ortiq kompaniyalarning murakkab va shubhali tarmog‘i bo‘lib, ushbu firmalarning aksariyati Baydenning vitse-prezidentlik davrida tashkil qilingan. Komer bank yozuvlari Baydenlar oilasi, unga aloqador shaxslar va ularning firmalari xorijliklar va ularning kompaniyalaridan 10 million dollardan ortiq mablag‘ olganini ko‘rsatishini e’lon qilgan.