Bayden AQSH portlarini rus kemalari uchun yopdi
Olam
−
22 aprel 2022
6106Qo‘shma Shtatlar o‘z portlarida Rossiya bayrog‘i ostida suzib yuruvchi yoki boshqa yo‘l bilan RFga bog‘langan kemalarni qabul qilishni taqiqlamoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 21 aprel kuni Oq uyda Ukraina atrofidagi vaziyat haqida qisqacha nutq so‘zlab, ma’lum qildi.
“Bugun men Amerika Qo‘shma Shtatlari Yevropada bo‘lgani kabi Rossiya bilan bog‘langan kemalar portlarimizga kirishi taqiqlanishini e’lon qilaman. Bu Rossiya bayrog‘i ostida suzuvchi, Rossiyadan bo‘lgan shaxsga tegishli yoki boshqariladigan har qanday kemaga Qo‘shma Shtatlarning [portlarida] to‘xtashiga yoki bizning qirg‘oqlarimizga kirishiga ruxsat berilmaydi, degan ma’noni anglatadi”, degan Bayden.
Oq uy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan Baydenning farmoni bu holatda qaysi kemalar Rossiya Federatsiyasi bilan bog‘liq deb hisoblanishiga aniqlik kiritadi: bular “Rossiya Federatsiyasi hukumati yoki Rossiya kompaniyasiga tegishli” Rossiya bayrog‘i ostida suzib yuradigan kemalar. Rossiya Federatsiyasining fuqarosi yoki doimiy rezidenti, shuningdek Rossiya tomonidan boshqariladigan kemalar, ya’ni “Rossiya kompaniyasi, fuqarosi yoki doimiy rezidenti kemadan foydalanish bo‘yicha tijorat qarorlarini qabul qilish uchun javobgar bo‘lgan” kemalar.
Farmonda bir qator istisnolar ham ko‘zda tutilgan: Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan kema AQSHda boshqa ishonchli ta’minot manbai bo‘lmagan “xomashyo, maxsus yadroviy materiallar va yadroviy qo‘shimcha mahsulotlar”ni olib o‘tayotganda taqiq qo‘llanilmaydi. Bundan tashqari, Rossiya bilan bog‘langan kemalarga favqulodda vaziyatlarda, ekipaj a’zolari qirg‘oqqa chiqishlari kerak bo‘lganda, shu jumladan tibbiy sabablarga ko‘ra yoki “boshqa gumanitar sabablarga ko‘ra” AQSH portlariga kirishiga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.
Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.
Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.
AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.
6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi.
7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.
LiveBarchasi