Bayden AQSH bo‘ylab talabalar namoyishining avj olishida raqiblarini aybladi

Olam

image

AQSHdagi ayrim kollej va universitetlarda Falastinga xayrixoh namoyishlar boshlanganidan bir necha hafta o‘tib, mamlakat Prezidenti Jo Bayden nihoyat bu haqda so‘z ochdi. U norozilik demokratiyaning muhim qismi ekanini aytarkan, shunga qaramay aholini tartibsizlikka berilmaslikka chaqirdi va respublikachilarni ushbu vaziyatdan saylov kampaniyasi uchun foydalanayotganlikda aybladi. U bu haqda kecha, 2 may kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifing chog‘i ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, shunday paytlarda hamisha siyosiy ochko to‘plashga oshiqadigan odamlar bo‘ladi.

“Ammo hozir siyosiy o‘yinlar mavridi emas. Aniqlik paytidir”, degan Prezident.

Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotiga qarshi Amerika universitetlarida o‘tkazilayotgan noroziliklarni izohlar ekan, Bayden so‘z erkinligi va qonun ustuvorligi hurmat qilinishi kerakligini aytgan. Bayden bilvosita muammolarga munosabat bildirish uchun tinch namoyish qilish amerikaliklar uchun ajoyib an’ana ekanligiga urg‘u bergan.

“Biz hammamiz Amerikaning ikkita asosiy tamoyilini sinovdan o‘tkazuvchi kadrlarni ko‘rdik: birinchidan, so‘z erkinligi va odamlarning tinch namoyish o‘tkazishi, o‘z fikrini aytish huquqi. Ikkinchisi - qonun ustuvorligi. Bu ikkala tamoyilga ham rioya qilish kerak, biz qonunsiz mamlakat emasmiz. Madaniyatli jamiyatmiz, tartib ustun bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Baydenning aytishicha, kollejlar kampuslaridagi namoyishchilar o‘z fikrlarini erkin ifoda etish huquqiga ega, lekin qonunni buzmasligi yoki zo‘ravonlik qilmasligi kerak. Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerikada antisemitizm – yahudiy talabalarga nisbatan zo‘ravonlik tahdidi, shuningdek, arab yoki falastinlik amerikaliklarga nisbatan islomofobiya yoki kamsitish uchun joy yo‘q. Biroq bunday namoyishlar AQSHning pozitsiyasini o‘zgartirmaydi.

Jurnalistlardan birining “Namoyishlar Vashingtonning Isroil va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildimi?” degan savoliga  Bayden "Yo‘q", deb javob qaytargan.

Ma’lumot uchun, aprel oyi o‘rtalaridan beri Amerikaning o‘nlab universitetlari maydonlarida Falastin tarafdorlari norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishlar Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti, Texas universiteti, Chapel-Xilldagi Shimoliy Karolina universiteti, Kolumbiya universiteti va boshqalarni qamrab oldi. Talabalar kampuslarida AQSHdan Isroil bilan barcha moliyaviy aloqalardan voz kechish va G‘azo sektoridagi janglarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish talabi bilan mitinglar o‘tkazmoqda. Uch hafta davomida 1500 dan ortiq talaba hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda talabalar Isroilga qarshi oyoqqa turgani haqida fotoreportaj tayyorlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh namoyish talabalar Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing