O‘zbekiston XMTning yana bir konvensiyasini ratifikatsiya qiladi

Jamiyat

image

“Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat qiluvchilarga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda zararni qoplash to‘g‘risidagi 17-son Konvensiyasini (Jeneva, 1927 yil 1 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

XMTning 17-son konvensiyasining maqsadi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar natijasida tan jarohati olgan ishchilarga yoki ularning qaramog‘ida bo‘lganlarga tovon puli to‘lanishini ta’minlashdan iborat.

XMTning “Mehnat qiluvchilarga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda zararni qoplash to‘g‘risida”gi 17-son konvensiyasi XMTning ustuvor konvensiyalaridan biridir.

XMTning 17-son konvensiyasiga binoan milliy qonunchilik ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlarga zarar qoplanishini ko‘zda tutishi kerak.

Hozirgi vaqtda XMTning 17-son konvensiyasi 74 ta davlat, jumladan MDHning Armaniston va Qirg‘iziston mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Bildirilishicha, O‘zbekiston qonun hujjatlarida XMTning 17-son konvensiyasiga zid bo‘lgan yoki mos kelmaydigan qoidalar mavjud emas. Jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 189-moddasiga muvofiq xodimning sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni ish beruvchi to‘liq hajmda to‘lashi shart ekanligi;

O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 33-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimning o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi tufayli uning hayoti va sog‘lig‘iga o‘zi yetkazgan zararning o‘rnini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq hajmda qoplashi;

baxtsiz hodisalarda ishchilarga zararni to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-son qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari”ga asosan amalga oshirilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan XMTning “Mehnat qiluvchilarga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda zararni qoplash to‘g‘risida”gi 17-son konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar yuz berganda ishchilarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarni samarali joriy etish uchun xizmat qiladi.

XMTning 17-son konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi natijasida O‘zbekiston Respublikasining kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratiladi hamda Preferensiyalar umumiy (bosh) tizimi doirasida Yevropa ittifoqi bilan hamkorlik yanada rivojlantiriladi.

XMTning 17-son konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi kelgusida xalqaro mehnat standartlarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, O‘zbekistonning XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda ijobiy imijini shakllantirishga yordam beradi, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar amalda bajarilishining ko‘rsatkichi bo‘ladi.

XMTning 17-son konvensiyasini ratifikatsiya qilish uchun byudjetdan qo‘shimcha mablag‘lar, shuningdek, yangi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi hamda ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi talab qilinmaydi, deyiladi hujjatda.


Maqola muallifi

Teglar

Xalqaro mehnat tashkiloti konventsiya

Baholaganlar

5

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing