Mirziyoyev Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 iyul kuni amaliy tashrif bilan Toshkentda bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungboni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"BMTning ushbu nufuzli instituti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. XMT bosh direktori samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish va xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilish borasidagi yutuqlariga yuqori baho berdi", deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, XMT O‘zbekiston tajribasini xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida ko‘rayotgani ta’kidlangan. Ta’kidlanishicha, joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston tashkilotning Ma’muriy kengashiga saylanishi buning e’tirofi bo‘lgan.

"So‘nggi yillarda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Tashkilot ko‘magida O‘zbekistonda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiyalandi", deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha, shu jumladan, "Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi" doirasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etilgan va 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturini ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xalqaro mehnat tashkiloti Jil'ber Ungboni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing