Bashar Asadning yaqin hamkori Mossad agenti bo‘lib chiqdi
Olam
−
15 noyabr 10349 2 daqiqa
Suriya harbiy razvedkasida eng yuqori lavozimlardan birini egallagan sobiq general Xolid al-Halabiy Avstriyada hibsga olinib, harbiy jinoyatlarda ayblangan. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
General hozirda Avstriyada Bashar Asad davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlanmoqda. O‘n yildan ortiq vaqt davomida u urush jinoyatlari bo‘yicha tergovchilardan qochib, Parij va Venada yashagan. Avstriya prokurorlariga ko‘ra, uni kamida ikkita G‘arb razvedka agentligi himoya qilgan.
Al-Halabiy o‘tgan yilning dekabr oyidan beri hibsda. Mustaqil tergovchilarga uni topishga yordam bergan ma’lumotlardan biri uning Budapeshtdagi ko‘prikda aks etgan ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fotosurati bo‘ldi.
Avstriya tergovchilarining iddao qilishlaricha, Asad xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti 2013 yilda Suriyadan qochib ketgunga qadar Isroil razvedka idorasi bo‘lmish Mossadda qo‘shaloq agent bo‘lib ishlagan. U Parijga borgan, biroq 2015 yilda g‘oyib bo‘lgan.
Avstriya prokurorining da’vo qilishicha, Mossad va bir guruh avstriyalik razvedka xodimlari yordami bilan Al-Halabiy avtomobilda Yevropa bo‘ylab Avstriya chegarasiga yetkazilgan. Avstriya razvedkachilari mustaqil harakat qilib, uni Venaga kuzatib qo‘ygan.
Suriya rejimi qurbonlari generalni 2011-2013 yillarda rejim muxoliflarini qiynoqlarga buyurgan va qatnashgan shafqatsiz sadist deb biladi.
Hozir 62 yoshda bo‘lgan Halabiy Suriya Bosh razvedka boshqarmasining Raqqadagi 335-bo‘limini boshqargan va shahar qulaganidan keyin Turkiya va Iordaniya orqali Yevropaga qochib ketgan. Unga Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlarida xavfsizlik xizmatlari qiziqish bildirgan. U Yevropada fosh etilgan qiynoqlarda gumon qilinayotgan Suriya hukumatining eng yuqori martabali amaldori.

Oldinroq Avstriya matbuoti isroilliklar yuqori martabali razvedka xodimini yollashga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Bu Halabiy edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya rasmiylari sobiq prezident Bashar Asad hukmronligi davrida mashhur Sednaya qamoqxonasida mahbuslarni qatl qilishda ayblangan sobiq harbiy amaldorni hibsga olgandi. Uning ismi general-mayor Akram Sallum al-Abdulloh bo‘lib, ichki ishlar vazirligi Damashq viloyati aksilterror bo‘limi rahbari edi. U bir qancha lavozimlarni egallagan, ayniqsa, sobiq tuzum davrida, 2014-2015 yillarda mudofaa vazirligida harbiy politsiya qo‘mondoni bo‘lgan.