“Barselona” yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishi Pike va Busketsga bog‘liq

Sport

image

Ispaniyaning “Barselona” klubi himoyachi Jerar Pikening kelasi mavsumdagi maoshi uchun 52 million yevro ajratgan. Kataloniya jamoasi rahbariyati Pikedan beshta yangi o‘yinchini La Liga ro‘yxatidan o‘tkazish uchun maoshini kamaytirishni so‘ramoqda. Bu haqda “Championat” nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, “Barselona” joriy yozda o‘z safiga qo‘shib olgan futbolchilar Robert Levandovski, Jyul Kunde, Rafinya Dias, Frank Kesse va Andreas Kristensen ro‘yxatdan o‘tkazish haqida jiddiy bosh qotirmoqda. Bu masalada “Barsa” rasmiylari klubning faxriy futbolchilaridan ko‘mak kutmoqda. Gap Jerar Pike va Serxio Buskets haqida ketyapti. Chunki ular hanuz juda yuqori haq evaziga to‘p tepadi. Shuning uchun “ko‘k anorranglilar” rasmiylari ikki futbolchi bilan ham maoshlarini kamaytirish masalasini muhokama qilgan. 

Qayd etilishicha, agar Pike va Buskets maoshlarining qisqartirilishiga rozi bo‘lmasa, kataloniyaliklar to‘rtinchi iqtisodiy dastak sifatida ko‘proq televizion huquqlarni va “Barsa Studios”ning aksiyalarini sotish yo‘lidan borishga majbur bo‘ladi.

Yetmaganiga “Barselona”ning Frenki de Yong oldida 19 million yevrolik qarzdorligi bor. Niderlandiyalik futbolchi ushbu pullar uning hisob raqamiga o‘tkazilmaguncha klubni tark etmasligini qat’iy ta’kidlamoqda. De Yong oldidagi qarz klubning majburiyati bo‘lsa-da, rasmiylar pullarni to‘lamaslik uchun harakat qilmoqda. Biroq jamoaning ushbu harakatlari befoyda. Sababi de Yongdan qutulishning yagona yo‘li unga qarzlarni qaytarishdir. 

Xullas, “Barselona” bilan sodir bo‘layotgan beqarorliklar qachon tugashi hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

Ma’lumot uchun, yozgi transfer oynasida Frank  Kesse va Andreas Kristensen erkin agent sifatida “Barselona” bilan shartnoma imzoladi. Shuningdek, “Lids” yarim himoyachisi Rafinya Dias 58 million yevroga va Robert Levandovski “Bavariya”dan va 45+5 million yevro evaziga xarid qilindi. Qolaversa, “Sevilya” klubi futbolchisi Jyul Kunde 50 million yevro evaziga sotib olindi.


Maqola muallifi

Teglar

“Barselona” Jerar Pike Serxio Buskets

Baholaganlar

192

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing