“Barselona” futbolchisi “Yunayted”ga o‘tishga yaqin turibdi
Sport
−
12 may 2022
3494Kataloniyaning “Barselona” klubi yarim himoyachi Frenki de Yong “Manchester Yunayted” bilan kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Bu haqda jurnalist, insayder Jerar Romero xabar berdi.
Qayd etilishicha, "Manchester Yunayted” Frenki de Yongga qiziqishni boshlaganidan beri unga bunchalik yaqinlashmagan edi.
“Qizil iblislar”da de Yong bilan shartnoma imzolash uchun 95 foiz imkoniyat bor. “Ko‘k anorranglilar” yozda yarim himoyachini sotishga majbur. Sababi “Barsa”da de Yongdan boshqa futbolchilarning “sovchisi” unchalik ko‘p emas. Klub o‘ta og‘ir moliyaviy sharoitda katta pulga sotiladigan futbolchilaridan birini sotishi zarur. Shuning uchun de Yongni sotish haqidagi qaror "Barsa" uchun faqat iqtisodiy vaj bilan bo‘ladi.
Niderlandiyalik futbolchining Angliyaga ko‘chib o‘tishini “Ayaks”da birga ishlagan ustozi Erik ten Xag ham hal qilishi mumkin. Ten Xagning kelasi mavsum “Manchester Yunayted”ni boshqarishi aniq. Shu sabab eski tanishlar yana birga ishlash fikriga qarshi bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, de Yong 2019 yilda “Ayaks”dan “Barselona”ga o‘tgan edi. Niderlandiyalik yarim himoyachi joriy mavsumda “ko‘k anorranglilar” safida La Liganing 30 ta o‘yinida maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt” portali 24 yoshli futbolchini 70 million yevroga baholamoqda.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi