“Baron” rahbari va “Kolya Qirg‘iz”ga aloqador 3 kishi qo‘lga olindi
Olam
−
27 iyun 7955 2 daqiqa
Bugun, 27 iyun kuni kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) jinoiy guruhini moliyalash bilan shug‘ullangan “Baron” narkokartel rahbari va uning 3 nafar a’zosi Qirg‘izistonda qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakatning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, guruh yetakchisi hamda uning qarindoshlari Chuy viloyatidan Qozog‘iston va Rossiyaga juda katta miqdorda giyohvand moddalarni olib o‘tish bilan shug‘ullangan. Tushgan daromadlar bilan Qamchi Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhini moliyalashtirib borgan.
Shuningdek, guruh a’zolari giyohvand moddalar biznesidan tushgan mablag‘larni mo‘yna mahsulotlarini sotish hamda Germaniya va AQSHdan avtomobillarni olib kirish sxemalari orqali yuvgan.
Ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olinganlarning barchasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasida saqlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biri bo‘lgan. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.
Qayd etish joiz, 2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan. Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan. U 2023 yilning oktyabr oyida Bishkekda o‘ldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhi a’zolari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘lga olingan edi.
Dilshod Hakimov
Live
Barchasi