Bankomatlar 1 oktyabrdan naqd xorijiy valyuta berishni to‘xtatadi – Markaziy bank

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki jismoniy shaxslarning xalqaro to‘lov kartalaridan naqd pul mablag‘larini yechib olish to‘g‘risida bayonot e’lon qildi. Unda shunday deyiladi:

“O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro to‘lov kartalaridan (XTK) naqd valyuta mablag‘larini yechib olishga oid ommaviy axborot vositalaridagi nashrlar yuzasidan Markaziy bank quyidagilarga ma’lum qiladi.

Valyuta ayirboshlash operatsiyalarida qulayliklar yaratish hamda ularni soddalashtirish maqsadida, 2019 yil avgust oyining uchinchi o‘n kunligidan boshlab tijorat banklaridagi valyuta ayirboshlash shaxobchalari orqali jismoniy shaxslar – rezidentlarga naqd xorijiy valyutani sotish amaliyoti joriy qilindi.

Shu bilan birga, amaliyotda jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni amalga oshirish, xususan mamlakat hududida boshqa shaxslar tomonidan norezidentlarning xalqaro to‘lov kartalaridan valyuta mablag‘larining yechib olinishi holatlari mavjud va ular bo‘yicha xatarlar yuzaga kelmoqda. 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar milliy valyuta – “so‘m”da amalga oshirilishi lozimligi, shuningdek xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda joriy yilning 1 oktyabridan boshlab mamlakat hududida bankomatlar orqali XTKdan mablag‘larning yechib olinishi faqat milliy valyutada amalga oshiriladi. 

Jismoniy shaxslar – rezidentlar bevosita tijorat banklari muassasalarida shaxsni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim qilgan holda XTKdan xorijiy valyutadagi naqd pul mablag‘larini cheklovlarsiz yechib olish huquqiga ega.

Jismoniy shaxslar – norezidentlar tomonidan bankomatlar yoki valyuta ayirboshlash shaxobchalarida konvertatsiya qilinib, sarflanmay qolgan milliy valyutadagi pul mablag‘lari qonunda belgilangan tartibda valyuta ayirboshlash shaxobchalarida naqd xorijiy valyutaga ayirboshlanadi”.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing