Bank-moliya akademiyasi tijorat bank tasarrufiga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
3938O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tasarrufiga o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (keyingi o‘rinlarda – O‘zmilliybank), Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi banklarining:
Bank-moliya akademiyasini (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) O‘zmilliybank tasarrufiga o‘tkazib, uni Akademiyaning ta’sischisi etib belgilash;
2018 va 2019 yillarda Akademiya magistraturasiga qabul qilingan shaxslar uchun magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha amaldagi ta’lim dasturlarini, shuningdek, Akademiyaning sarf-xarajatlarini magistraturada davlat granti asosida ta’lim olayotgan shaxslarning o‘qishi tugagunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlab qolish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
O‘zmilliybank:
a) 2020 yilning 1 fevraliga qadar yetakchi xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2025 yillarda Akademiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqadi:
Akademiyaning xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingidagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritilishini ta’minlagan holda uning xalqaro reytingini bosqichma-bosqich oshirib borish;
yetakchi xorijiy biznes-maktablar va korporativ universitetlarning aynan bir xil dasturlari asosida bank-moliya sohasi mutaxassislarini o‘qitish dasturlarini ishlab chiqish;
investitsiya faoliyati (Chartered Financial Analyst), xatarlarni boshqarish (Financial Risk Manager), Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha moliya hisobi (Association of Chartered Certified Accountants va Chartered Public Accountant), ichki audit (Certified Internal Auditor), boshqaruv hisobi (Certified Management Accountant) sohalarida moliya xodimlarini xalqaro professional sertifikatsiya imtihonlariga tayyorlash;
respublika hududlaridagi tijorat banklarining filiallari uchun qisqa muddatli kurslar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, stajirovkalar, sayyor o‘quv modullari va boshqa tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazish;
innovatsion ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy-pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash doirasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish;
o‘quv jarayoniga yetakchi ta’lim muassasalari va bank-moliya sektoridan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish amaliyotini joriy qilish;
b) 2020-2025 yillarda Akademiyani rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini 2020 yilning 1 martiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
LiveBarchasi