Bangladesh Prezidenti sog‘lig‘i sabab iste’foga chiqdi
Olam
−
24 iyul 1510 2 daqiqa
Bangladesh Prezidenti Muhammad Shahobuddin sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolarni sabab qilib, lavozimidan iste’foga chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
76 yoshli Muhammad Shahobuddin 2023 yil aprelidan buyon asosan ramziy vakolatlarga ega Prezident lavozimida ishlab kelayotgan edi. Uning prezidentlik davrida – 2024 yilda talabalar boshchiligidagi qo‘zg‘olon ortidan Bosh vazir Shayx Hasina Hindistonga qochib ketganidan keyingi beqaror siyosiy vaziyat ham kuzatildi.
“Yaqinda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar menda avtonom neyropatiya deb ataluvchi kasallik borligini aniqladi. Ushbu kasallik tufayli ba’zan qisqa muddatga hushimni yo‘qotaman”, degan Muhammad Shahobuddin o‘z matbuot kotibi tarqatgan bayonotda.
Nashrning qayd etishicha, Muhammad Shahobuddinning iste’fosi Shayx Hasinani kelasi besh oy ichida rejalashtirilgan qaytishi oldidan yuqori davlat lavozimlaridagi ittifoqchilarisiz qoldiradi. Uning “Avami Ligasi” partiyasi taqiqlangan, 2024 yilda hukumatni ag‘dargan qonli talabalar qo‘zg‘olonidan keyin partiyaning ko‘plab rahbarlari va faollari qamoqqa olingan yoki yashirinishga majbur bo‘lgan.
Bayonotga ko‘ra, yangi prezident saylangunga qadar mamlakat parlamenti – Jatiya Sangsad spikeri prezident vazifasini bajaradi. Davlat rahbari sifatida prezident qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Biroq 173 million aholiga ega, asosan musulmonlar yashaydigan mamlakatda ijro hokimiyati Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi qo‘lida.
Eslatib o‘tamiz, 22 iyun kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer iste’foga chiqishini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi