Baliq mashmashasi: Fransiya Buyuk Britaniyani sanksiyalar bilan ogohlantirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Agar Buyuk Britaniya tomoni Brexit bitimida ko‘zda tutilgan baliq ovlash shartlarini bajarmasa, Fransiya unga qarshi sanksiyalarni qo‘llashni istisno etmaydi. Bu haqda bugun, 9 may kuni Fransiya hukumati rasmiy vakili Gabriel Attal “France 3” telekanali efirida ma’lum qildi.

“Biz kelishuvlarga rioya qilmoqchimiz. Agar ular bajarilmasa, unda sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Bir tomon o‘z majburiyatlarini bajarmaganda, turli xil javob choralari ko‘riladi”, deya ogohlantirdi Fransiya rasmiy vakili.

Foto: Fransiya hukumati rasmiy vakili Gabriel Attal

Gabriel Attalning qo‘shimcha qilishicha, Parij Londonni shartnomaga rioya qilish zarurligiga ishontirish uchun Yevropa Komissiyasiga murojaat qilgan.

Fransiyaning noroziligi Buyuk Britaniya rasmiylari tomonidan Jersi suvlarida baliq ovlashga atigi 41 fransuz kemasiga ruxsat berilgani sabab kelib chiqdi. Parij esa 344 kemaga litsenziya berilishini talab qilmoqda. Fransuz kemalari litsenziyaga ega bo‘lish uchun avvaldan ushbu hududlarda baliq ovlaganini isbotlashi kerak. 

Eslatib o‘tamiz, Parij Jersi orolini elektr ta’minotidan uzib qo‘yish bilan tahdid qilganidan so‘ng, London himoyasida bo‘lgan ushbu orolga ikki qo‘riqlash harbiy kemasini jo‘natgandi. Bunga javoban Fransiya Dengiz kuchlari ham ikkita qo‘riqlash harbiy kemasini orol yaqiniga joylashtirishini aytdi. 

Bundan tashqari, baliqchi fransuzlar oltmishga yaqin kemada baliq ovlashga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi chiqib, Jersi orolini blokada qildi. Ular nafaqat Fransiya qirg‘og‘i yaqinida joylashgan orolni o‘rab oldi, balki kemalarning Sent-Xeliyer port-shahridan chiqishiga to‘sqinlik qildi. Bir necha soat o‘tgach, baliqchilar Jersini qamal qilishni to‘xtatdi.

Foto: fransiyalik baliqchilar Jersi orolining blokadasida  

Jersi – Normand orollari orasida eng kattasi. U Fransiyaning shimoliy qirg‘og‘idan 23 km, Buyuk Britaniyaning janubiy qirg‘og‘idan esa 140 km uzoqlikda joylashgan. Jersi oroli ko‘p yillar Britaniya nazoratida bo‘lgan, ammo hozir ular "toj" nazoratidan voz kechgan. Ushbu orol elektr energiyaning 95 foizini Fransiyadan oladi.

Foto: Jersi orolining geografik joylashuvi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing