“Baliq qarma” taomi patentlandi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga xos bo‘lgan “Baliq qarma” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. 

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “Baliq qarma” nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy himoya qiladi, sifat standartlarini mustahkamlaydi hamda Qoraqalpog‘istonning hududiy gastronomik brendini targ‘ib etish imkonini kengaytiradi.

Taom Orol dengizi va Amudaryo deltasiga yaqin hududlarda shakllangan qadimiy ovqatlanish an’analari, baliqchilikka tayanuvchi turmush tarzi, shuningdek, o‘ziga xos tayyorlash usuli bilan ajralib turadi. “Baliq qarma” tarkibida pishirilgan baliq, sho‘rva, 1×1–2×2 sm o‘lchamdagi quritilgan xamir bo‘laklari hamda sabzavotlar ishlatiladi. Sho‘rvaning yuzasidan olingan yog‘ mayda to‘g‘ralgan piyoz ustiga quyilib, taomga xos ta’m va hidni beradi.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – bu mahsulotning ma’lum hududga xosligi va uning sifati, mashhurligi yoki boshqa belgilari o‘sha hududning tabiiy, insoniy va tarixiy omillariga chambarchas bog‘liq bo‘lganini ifodalovchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “G‘ijduvon shashlik”, “G‘uzor tandir go‘shti”, “Samarqand noni”, “Xorazm tuxumbaragi”, “Andijon do‘ppisi”, “So‘qoq somsasi”, “Samarqand no‘xat sho‘ragi”, “Samarqand qog‘ozi” hamda “Zomin qozon patiri” geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston Amudaryo geografik ko'rsatkich Baliq qarma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing