Bortida yuzdan ortiq yo‘lovchi, o‘nlab avtomobil va mototsikllar bo‘lgan parom yonib ketdi (video)
Olam
−
13:50 1383 1 daqiqa
Bugun, 12 avgust kuni Bali qirg‘oqlari yaqinida yo‘lovchi tashuvchi parom yonib ketdi. Bortda 130 ga yaqin odam bo‘lgani xabar qilinmoqda. Hodisa joyida odamlarni evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, “Putri Yasmin” yo‘lovchi paromida yong‘in Bali orolidagi Padangbay portidan Lombok orolidagi Lembar portiga qarab suzayotgan vaqtda chiqqan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, bortda 114 nafar yo‘lovchi va 17 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Voqea joyida odamlarni evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmagan.
“Times of India” nashrining aniqlik kiritishicha, qutqaruvchilar va yaqin atrofdan o‘tayotgan kemalar 106 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Yana 25 kishini evakuatsiya qilish operatsiyasi davom etmoqda. Balandligi 4 metrgacha yetayotgan kuchli to‘lqinlar qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.
Qayd etilishicha, paromda shuningdek 44 ta avtomobil va 53 ta mototsikl ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning Sharqiy Yava provinsiyasidagi Surabaya shahridan Janubiy Sulavesidagi Makasarga yo‘l olgan, bortida 271 kishi bo‘lgan yo‘lovchi paromi yonib ketgandi. Oqibatda kamida 5 kishi halok bo‘lib, o‘nlab yo‘lovchilar bedarak yo‘qolgan edi.
Live
Barchasi