Baku va Parij munosabatlari eng yomon darajasiga yetdi – Ozarbayjon TIV
Olam
−
29 dekabr 2023
5137Ozarbayjon-Fransiya munosabatlarining hozirgi holati va ahvoli eng yomon darajasiga yetdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov kecha, 28 dekabr kuni vazirlikning yil yakunlari bo‘yicha hisobot brifingida so‘z ochdi.
“Bu Ozarbayjon sababli emas. Bizning Fransiyaga qarshi hech qanday xusumatimiz yo‘q”, degan vazir.
Uning aytishicha, Fransiyaning "armanparastligi" mamlakatlar o‘rtasida sovuqchilik solyapti.
“Shunga qaramay, Ozarbayjonning roziligi bilan Fransiya Ozarbayjon-Armaniston mojarosida vositachi bo‘ldi. Bu yillarda Fransiya armanparastlik pozitsiyasini mohirlik bilan yashira oldi. Bu 2020 yilgacha davom etdi. Ozarbayjon 44 kunlik urushda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Fransiya bu pozitsiyasini yashira olmay, sal o‘tib, Ozarbayjonga qarshi "tish qayrash"ni boshladi. Shundan keyin munosabatlar darz ketdi”, degan Bayramov.
Jeyhun Bayramov, agar Fransiya Ozarbayjon va Janubiy Kavkazga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqsa, kelajakdagi aloqalar uchun qandaydir umid uyg‘onishi mumkin.
“Ko‘p hollarda Ozarbayjonga qarshi tashabbuslar muallifi endi Armaniston emas, Fransiyaning o‘zi. Rasmiy Parij tomonidan Xavfsizlik Kengashida Ozarbayjonga qarshi son-sanoqsiz tashabbuslar ilgari surilgan”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, vazir Ozarbayjonning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Leyla Abdullayeva Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga sababsiz chaqirilganini iddao qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 dekabr kuni Ozarbayjonning Parijdagi elchixonasining ikki xodimi Bakuning fransuz diplomatlariga nisbatan harakatlariga javoban persona non grata deb e’lon qilingan edi.