Baku AZAL samolyotini urib tushirgan raketani aniqladi – “Reuters”
Olam
−
05 fevral
19347Qozog‘istonning Aqtau shahriga yaqin joyda qulab tushgan Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL) aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti Rossiyaning “Pansir-S” havo mudofaa tizimi raketasi tomonidan urib tushirilgan. Bu haqda Ozarbayjon hukumatidagi manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Ozarbayjon tomoni samolyotdan chiqarib olingan va xalqaro ekspertiza orqali aniqlangan “Pansir-S” raketasining parchasiga ega”, deydi nashr manbasi.
Qayd etish joiz, kecha, 4 fevral kuni Qozog‘iston Transport vazirligi samolyot halokati bo‘yicha 53 betlik hisobotni e’lon qilgan edi. Unda aytilishicha, samolyot fyuzelyajidagi “ko‘p sonli va o‘zgarmas shikastlanishlar” “tashqi narsalarning kirib kelishini” ko‘rsatadi.
Biroq hujjatda “Pansir-S” havo hujumidan mudofaa tizimi yoki biron bir raketa haqida so‘z ochilmagan.
Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi “Reuters” agentligiga hisobotni izohlar ekan, samolyot to‘liq parvozga yaroqli bo‘lgani, ammo “tashqi ob’ektlar” ta’siridan shikastlanganini ma’lum qilgan.
“Fyuzelyajning shikastlangan joylarida topilgan samolyotga tegishli bo‘lmagan ob’ektlar olib tashlandi, ularning fotosuratlari dastlabki hisobot matnida jamoatchilikka taqdim etildi. Topilgan begona narsalarning nimaligini aniqlash maqsadida kelgusida qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazish rejalashtirilmoqda”, deyiladi izohda.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevdan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi