Baku armanlarning Qorabog‘dagi 90 dan ortiq jangovar pozitsiyalarini egalladi
Olam
−
20 Sentabr 2023 4413 2 daqiqa
Ozarbayjon Qurolli kuchlari Qorabog‘da aksilterror choralarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgunga qadar arman qo‘shinlarining 90 dan ortiq jangovar pozitsiyalarini nazoratga oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Anar Eyvazov bugun, 20 sentyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Hozirgi soatga kelib Ozarbayjon Qurolli kuchlari 90 dan ortiq jangovar pozitsiyalarni, shuningdek, bir qator strategik pozitsiyalarni nazoratga oldi”, deydi Eyvazov.
Harbiy departament rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, kubok sifatida yettita harbiy mashina, to‘rtta minomyot, bitta tank, ikkita piyoda askar jangovar mashinasi hamda ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar qo‘lga kiritilgan.
Bugun, 20 sentyabr kuni ertalab Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamio‘, 19 sentyabr kuni Baku Armaniston harbiylarini ushbu hududdan olib chiqish uchun Tog‘li Qorabog‘da “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi. Yerevan ularning mintaqada borligini inkor etib, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi.
21 sentyabr kuni Ozarbayjonning Yevlax shahrida Baku va Qorabog‘ arman aholisi vakillarining “Ozarbayjon konstitutsiyasi va qonunlari asosida qayta integratsiyalashuvi” masalasi bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi.
Rossiya Ozarbayjonning harakatlarini qoralamadi, harbiy to‘qnashuv Ozarbayjonning o‘z hududida bo‘layotganini urg‘uladi. O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini aytdi.
2023 yilning 17 mayida Yevropa Kengashining Reykyavikdagi sammitida Pashinyan Yerevan Ozarbayjonning o‘z chegaralaridagi suverenitetini, jumladan Tog‘li Qorabog‘ni ham tan olishini aytgandi.