Baxtiyor Saidov Trampning jamoasi bilan uchrashdi (video)
Jamiyat
−
10 aprel
3930Kecha, 9 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Vashingtonda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Saidovning bildirishicha, u Marko Rubio bilan O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining hozirgi holati va istiqboldagi yo‘nalishlari bo‘yicha har tomonlama fikr almashgan. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy qarashlarni chuqurlashtirish kabi muhim yo‘nalishlar kun tartibidan o‘rin olgan.
“AQSHning O‘zbekistondagi islohotlar jarayonlarini izchil qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholaymiz. Strategik sheriklik doirasidagi yuqori darajadagi muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirish orqali ikki tomonlama munosabatlardagi ijobiy dinamikani qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik”, deb yozgan u.
Shuningdek, Tashqi ishlar vaziri Vashington shahrida AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan ochiq va samarali muloqot o‘tkazgan. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga sodiqlikni tasdiqlagan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik keng ko‘lamli masalalar muhokama qilingan.
“Kun tartibimiz xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy bog‘liqlik va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish masalalariga qaratildi. AQSH Prezidenti tomonidan O‘zbekistondagi islohotlar dasturi va mintaqada tinchlik hamda farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarimizning doimiy qo‘llab-quvvatlanishini yuksak qadrlaymiz”, deb yozadi Saidov.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryusning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha global koalitsiyaga to‘laqonli a’zo bo‘lishga qaror qilgan va Davlat kotibi Rubio Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvda buni olqishlagan. Rubio, shuningdek, O‘zbekistonga AQSHdan deportatsiya qilinganlarini qaytarishga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan xavfsiz atom energiyasi texnologiyalarini modernizatsiya qilish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sarmoyalarni ko‘paytirish, strategik sherikligimizni yanada rivojlantirish maqsadida muhim foydali qazilmalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga intiladi”, deydi Davlat departamenti voizi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov 7 aprel kuni Vashingtonda AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan uchrashgandi. Davlat kotibi o‘rinbosari noqonuniy immigratsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy hamkorlik uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.
LiveBarchasi