Baxtiyor Saidov TDT Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashdi
Olam
−
21 may 2982 2 daqiqa
Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat rahbarlari kengashining norasmiy sammiti doirasida bugun, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvga Vengriya Tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Peter Siyyarto mezbonlik qildi. Unda Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov, Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etdi.
Vazirlar “Sharq va G‘arbning uchrashish nuqtasi” mavzusida o‘tkazilgan norasmiy sammitda davlat rahbarlari tomonidan muhokama qilinadigan asosiy kun tartibi masalalari yuzasidan fikr almashdi. Bosh kotib O‘muraliyev yig‘ilganlarni Bishkek sammitidan buyon tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi hamda Sammitga taklif etilgan hujjatlar va mavzularni taqdim etdi.

Vazirlar Turkiy Davlat Tashkilotining inklyuziv muloqot, mintaqaviy aloqa va umumiy farovonlik uchun strategik platforma sifatidagi muhimligini qayd etdi. Ular transport, savdo, energetika, raqamlashtirish, ta’lim va madaniy meros kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanliklarini yana bir bor ta’kidladi. Shuningdek, ular TDTning Budapeshtdagi vakolatxonasining muhim rolini qayd etgan.
Uchrashuv, shuningdek, amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslarni ko‘rib chiqish va turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish mexanizmlarini baholash imkonini bergani aytilmoqda.
Uchrashuvda vazirlar quyidagi hujjatlarni imzoladi:
• “Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktorini tayinlash to‘g‘risida”gi qaror;
• “Turk Akademiyasida Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risida qaror”.
Biroq yig‘inda Turkiy davlatlar tashkilotining yana ikki kuzatuvchi a’zosi – Turkmaniston va (tan olinmagan) Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan vakil ishtirok etmagan.