Baxtiyor Saidov SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida qatnashdi

Olam

image

Joriy yilning 4-5 may kunlari Hindistonning Panaji shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Aytilishicha, Tashqi ishlar idoralari rahbarlari 3-4 iyul kunlari Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining bo‘lajak majlisi mazmun-mohiyatini, jumladan, davlat rahbarlari ko‘rib chiqishi uchun taqdim etilishi mo‘ljallangan hujjatlar loyihalarini muhokama qilgan.

Majlisda nutq so‘zlagan SHHT Bosh kotibi Chjan Min SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashida ilk bora qatnashayotgan Baxtiyor Saidov (O‘zbekiston), Murat Nurtleu (Qozog‘iston) va Sin Gangni (Xitoy) qutlab, ularning ish faoliyatida omad tilagan.

Vazirlar tashkilot tarkibini kengaytirish masalasiga e’tiborni kuchaytirgan. Bo‘lajak sammitda Eron SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Belarusni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan tartib-qoidalar ham faol davom etmoqda. Bahrayn, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma va Birlashgan Arab Amirliklari SHHT hamkorligiga yangi muloqot hamkorlari sifatida qo‘shilmoqda.

SHHTga a’zo davlatlarning terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikdagi chora-tadbirlari kontekstida Afg‘onistondagi vaziyatning SHHT makoniga “o‘tib ketishi” tahdidini jilovlash maqsadidagi masalalar ham muhokamadan o‘rin olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston ShHT Baxtiyor Saidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing