Baxtiyor Saidov favqulodda arab-islom sammitida qatnashyapti
Jamiyat
−
15 Sentabr 2025 6733 2 daqiqa
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha, 14 sentyabr kuni Dohada Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi qo‘shma favqulodda sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bugun hamkasblarim bilan birgalikda Isroilning yaqinda Qatar davlatiga uyushtirgan hujumini muhokama qilishga bag‘ishlangan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi qo‘shma favqulodda sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etdik”, deb yozadi vazir.

Bidirilishicha, kun tartibidan mintaqaviy va global darajadagi dolzarb muammolar, tinchlikka tahdid soluvchi yangi xatarlar hamda muzokara va muloqotning ustuvor ahamiyati masalalari o‘rin olgan.
“Biz Qatarning mintaqada tinchlik va farovonlikni diplomatiya yo‘li bilan mustahkamlash borasidagi sobitqadam va fidokorona sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz. O‘zbekiston doimo barcha nizolarni faqat muloqot orqali hal etish tarafdori bo‘lib kelgan va bu tamoyilga sodiq qoladi”, deydi Baxtiyor Saidov.
Ma’lumot uchun, Isroilning Dohaga qilgan hujumidan so‘ng, 11 sentyabr kuni Qatar Arab va Islom mamlakatlarining favqulodda sammitini chaqirdi. Qatar Bosh vazirining maslahatchisi Majid bin Muhammad Al Ansoriy Isroil harakatlarini qoralash kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishini tasdiqladi. Sammitni shunday qisqa vaqt ichida tashkil etish so‘nggi fojiali voqealar fonida Qatar hamda Arab va Islom birdamligini namoyish etish ekani aytilmoqda. Dohada bo‘lib o‘tadigan sammit Isroilning Qatar hududiga so‘nggi havo hujumlarini qat’iy qoralagan rezolyutsiyani qabul qilishga qaratilgan. Shuningdek, mamlakatlar Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini to‘xtatish, Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash to‘g‘risidagi hujjatni kiritish niyatida.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025