Baxtiyor Saidov Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
Olam
−
07 mart 1033 2 daqiqa
Bugun, 7 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiryor Saidov Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qabulida bo‘ldi. Bu haqda Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Mazkur uchrashuv Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari norasmiy uchrashuvi doirasida o‘tkazilgan. Vazir Turkiya Prezidenti tomonidan qabul qilinganidan mamnun ekanini bildirgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining eng samimiy salomlarini yetkazdik. Rahbarlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik qilish uchun eng mustahkam poydevor yaratmoqda”, deydi vazir.
Baxtiyor Saidov, shuningdek, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashgan.

Ular uchrashuv doirasida Yaqin Sharqdagi vaziyat va uning mintaqaviy oqibatlari bo‘yicha fikr almashgan.
“Tinchlik va barqarorlikni ta’minlash manfaatlari yo‘lida mintaqadagi ziddiyatni muloqot va diplomatiya orqali hal etishga bo‘lgan umumiy sadoqatimizni tasdiqladik. Shuningdek, joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig‘ilishida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga qat’iy tayyorligimizni bildirdik”, deydi Saidov.
Baxtiyor Saidov, qolaversa, Ozarbayjonlik mavqedoshi Jayhun Bayramov bilan konstruktiv muloqot o‘tkazgan.

Uning qayd etishicha, Mintaqada yuz berayotgan voqealar yuzasidan fikr almashilgan.
“So‘nggi hodisalarga xavotir bildirib, keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilish muhimligini ta’kidladik hamda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash zarurligini qayd etdik”, deydi Saidov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tshi aytilgandi.
Live
Barchasi