Baxtiyor Saidov BMTda O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqdi

Olam

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasining umumiy muhokamasida so‘zga chiqdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Vazir sessiya chog‘ida O‘zbekiston nomidan quyidagilarni taklif qildi:

  • rivojlanayotgan davlatlar imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xalqaro moliya tizimini isloh qilish;
  • barcha uchun xavfsiz, foydalanish mumkin bo‘lgan raqamli texnologiyalar bilan ta’minlash;
  • iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni, ayniqsa, Markaziy Osiyoning zaif mintaqalarida kuchaytirish;
  • ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish;
  • terrorizm va korrupsiyaga qarshi kurashishda harakatlarimizni birlashtirish;
  • Markaziy Osiyo va undan tashqarida transport koridorlari va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish;
  • Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolari uchun o‘quv markazini Global o‘quv markaziga aylantirish.

“Biz dunyoning ko‘p nuqtalarida notinchliklar kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik, texnologik nomutanosiblik kabi dolzarb muammolarni hal qilishda barchani yaqinroq global hamkorlikka chaqiramiz. Barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiqlik va Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda faol ishtirok etish bizning asosiy ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi”, deydi vazir o‘zi sahifasida.

Shuningdek, BMT saytida ham Saidovning nutqidan iqtiboslarni keltirib o‘tildi.

Iqlim o‘zgarishining oqibatlari

Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, Markaziy Osiyoda havo harorati dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq ko‘tarilmoqda. Bu oziq-ovqat va energetika xavfsizligi uchun jiddiy xatarlar tug‘dirmoqda. So‘nggi bir necha o‘n yillikda Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv ta’minoti darajasi ikki baravarga kamaygan.

“Orol dengizi fojiasi mintaqa mamlakatlarining barcha ekotizimlariga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Biz xalqaro donorlar hamjamiyatni Orolbo‘yida ushbu ofatning halokatli oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga chaqiramiz”, degan Saidov.

U Orol dengizi BMT tomonidan Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi maqomini olgan dunyodagi birinchi mintaqa bo‘lganini eslatdi.

“Bizning ilg‘or tajribalarimiz shu kabi muammolarga duch kelayotgan boshqa mamlakatlarga ham foyda keltirishi mumkin“, deydi vazir.

Global muammolar va BMTning roli

“Urushlar va mojarolar, uch karra sayyoraviy iqlim inqirozi, jahon iqtisodiyotining yomonlashuvi, o‘sib borayotgan ijtimoiy tengsizlik va texnologik bo‘shliqlar istisnosiz barcha mamlakatlarga ta’sir qilmoqda”, degan O‘zbekiston TIV rahbari.

Shu nuqtai nazardan, u BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida yillar davomida rivojlangan ko‘p tomonlama hamkorlikning ulkan salohiyatini saqlab qolishga chaqirdi.

“Biz BMT XXI asrning global muammolarini hal qilishda markaziy rol o‘ynashda davom etishi kerakligiga qat’iy ishonamiz”, deya qo‘shimcha qildi Baxtiyor Saidov.

Milliy darajadagi harakatlar

U, shuningdek, global muammolarni milliy miqyosda hal etish har qanday davlat barqarorligi va aholisi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga izchil tatbiq etish davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston davlat siyosatining tamal toshi sifatida belgilab berilgan”, dedi vazir.

TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kambag‘allikni kamaytirish, aholining ta’lim olish imkoniyatlarini yaxshilash, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va gender tengligini ta’minlash borasida sezilarli yutuqlarga erishdi.

“Yalpi ichki mahsulotimiz ikki baravardan oshdi, kambag‘allik darajasi 11 foizga tushdi”, dedi Baxtiyor Saidov.

Ayollar huquqlari

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston gender tengligini ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishdi, bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi beshlikka kirdi.

“Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish mamlakat hukumati siyosatining asosiy tarkibiy qismidir”, dedi vazir.

Mintaqaviy hamkorlik

Uning aytishicha, bugungi kunda mintaqa yirik jahon bozorlariga ulanish va Buyuk ipak yo‘lini jonlantirishga qat’iy e’tibor qaratmoqda.

“Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda”, degan vazir.

Afg‘oniston — Markaziy Osiyoning ajralmas qismi

“Afsuski, xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondagi og‘ir vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan choralarni ko‘ra olmadi”, dedi TIV rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston qo‘shni davlatga nisbatan “pragmatik siyosat” olib bormoqda.

“Biz Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shishda davom etamiz”, dedi Saidov.


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Saidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing