Baku Yerevanni navbatdagi provokatsiyada ayblab, hujumdan ogohlantirdi
Olam
−
03 Sentabr 2022
3984Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryanning Xankendi shahriga noqonuniy tashrifi navbatdagi provokatsiya va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoniga putur yetkazishga urinish bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Bryusselda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining navbatdagi uchrashuvidan so‘ng Armaniston rasmiysi tomonidan darhol tashlangan bu maqsadli qadam, nafaqat uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlarga soya solmoqda, balki arman tomonining normallashuv jarayonidagi nosamimiyligini ham ko‘rsatmoqda.
“Bularning barchasi Armanistonning Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligi, suverenitet va davlat chegaralari tamoyillarini qabul qilishi haqidagi bayonotlari samimiylikdan yiroq ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Baku, shuningdek, arman tomonining provokatsiyalarini xalqaro vositachilar sa’y-harakatlariga hurmatsizlik ko‘rinishi deb atadi.
“Biz Armaniston rasmiysining provokatsion qadamini keskin qoralaymiz va Ozarbayjonning hududiy yaxlitligiga qarshi har qanday hujumga qat’iy javob berilishini ta’kidlaymiz”, deya ogohlantirdi Baku.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 31 avgust kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel vositachiligida muzokara o‘tkazdi va navbatdagi uchrashuvni noyabr oyida o‘tkazishga kelishib oldi.
Uchrashuv davomida miq etmagan Pashinyan oradan ikki kun o‘tib, Tog‘li Qorabog‘ maqomi masalasi aniqlanmaguncha, Qorabog‘ mojarosining yechimi haqidagi bayonotlar o‘rinsiz ekanini aytib chiqdi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi