BAA fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi soddalashadi – Prezident farmoni
Jamiyat
−
19 mart 2019
4279O‘zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyev kecha, 18 mart kuni “Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirish rejimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
farmoni
O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish va turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida:
1. 2019 yil 20 martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga ish yuzasidan keladigan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi talabi bekor qilingan holda, bir yil muddatgacha bo‘lgan ko‘p martalik vizalarni O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi muassasalarida hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmasdan 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtirsin.
3. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 yil 1 fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatining 32-bandi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi PQ–3836-son qarori bilan tasdiqlangan 2018 yil 1 iyuldan boshlab fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasiga vizasiz tranzit kirish, vaqtinchalik bo‘lish va chiqish tartibi belgilangan mamlakatlar ro‘yxatining 62-bandi.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 18 mart