O‘zgidromet haroratni pasaytirib ko‘rsatadimi?

Intervyu

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo harorati sezilarli darajada ko‘tarildi. Bahorning oxirgi kunlari bo‘lishiga qaramay, yozning jazirama havosi allaqachon o‘zini sezdirmoqda. Aslida bunday anomal issiqqa nima sabab bo‘lmoqda? Va keyingi haftada havo harorati qanday ko‘rsatkichda bo‘ladi? QALAMPIR.UZ bu borada gidrometeorologiya mutaxassisiga savollar bilan yuzlandi.

O‘zgidromet mutaxassisining ma’lum qilishicha, ushbu havo massalarining kirib kelishiga termik depressiya sabab bo‘lmoqda. Bu asosan O‘rta Osiyo hududida kuzatiladi. Bu jarayon oqibatida havo harorati keskin ortib ketadi. Cho‘l hududlarida, janubiy tomonlarda esa harorat ko‘rsatkichi yuqori bo‘ladi.

14 maydan boshlab respublika hududiga janubdan issiq to‘lqinli havo oqimi kirib kelishni boshladi. Buning ortidan 15-16 may kunlari O‘zbekistonning katta qismida havo harorati kunduz kunlari 39-41 darajagacha ko‘tarilishi ma’lum qilindi. Ayrim joylarda, xususan janubda va cho‘l hududlarida 42-43 darajagacha ko‘tarildi. 17 maydan boshlab issiq to‘lqinlar chekinishni boshlaydi va natijada respublikaning katta qismida, shimoliy-g‘arbiy qismda havo harorati pasayadi. Markazda va shimoli-sharqiy qismda havo harorati yuqoriligacha saqlanib qoladi. Harorat 29-33 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda ba’zida shamol 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

QALAMPIR.UZ termometr yordamida tashqaridagi havo haroratini o‘lchab ko‘rganida, u 45 darajadan yuqorini qayd etdi. Ammo O‘zgidromet bergan xabarda boshqa ma’lumotlar aks etib kelmoqda. Bunday holda kimga ishonish kerakligi borasida tashkilot mutaxassisiga yuzlandik.

“Havo haroratini o‘lchashning maxsus standartlari mavjud. Havo harorati Butunjahon Meteorologiya tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan reglamentda ko‘rsatilgan holda yer sirtidan 2 metr balandlikda o‘rnatilgan butka ichidagi maxsus termometr bilan o‘lchanadi. Buning uchun termometrga atrofdan hech qanday ta’sir bo‘lmasligi kerak, deylik baland binolar, daraxtlar”.

“Odamlarning ba’zida havo harorati haddan tashqari issiqlikka ko‘tarilganini aytishi bu aslida ma’lum bir jism ustidagi harorat hisoblanadi. O‘zgidromet hamisha jahon miqyosida tan olingan yagona standart asosida ish ko‘radi”, deydi mutaxassis.

So‘nggi o‘n yil ichida deyarli barcha may oylari issiq bo‘ldi. O‘zbekistonning butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy 2001 yilning mayida (me’yordan 3−4 daraja yuqori), shimoli-g‘arbiy va cho‘l zonasida esa 2021 yilning mayida (me’yordan 3,5−5 daraja yuqori) kuzatilgan.

Bu asrning eng sovuq oyi 2003 yilning mayi (me’yordan 2−3 daraja past) bo‘lgan va kuzatuvlarning barcha yillari davomida 1934 yilning mayida me’yordan 4−6 daraja past bo‘lgan.

May oyida oylik yog‘ingarchilik darajasi mart va aprel oylariga nisbatan taxminan uchdan birga, yomg‘irli kunlar soni esa 2-3 marta kam. May oyida yomg‘ir odatda qisqa muddatli, deyarli har doim momaqaldiroq bilan birga keladi.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo gidrometeorologiya anomal harorat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing