Jalolovdan Ro‘ziboyevgacha: Chempionlar “Birinchi qo‘ng‘iroq”ni qanday eslashadi?

Sport

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2023/2024 yilgi o‘quv yili ertaga, 4 sentyabr kunidan boshlanadi. O‘sha kuni barcha maktablarda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tadi. QALAMPIR.UZ hozirda dunyoga mashhur bo‘lgan o‘zbekistonlik professional bokschi va yakka kurash ustalarining ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yganidagi taassurotlari va ular ta’lim olgan dargoh, birinchi o‘qituvchisi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Bahodir Jalolov – Surxondaryo viloyati

2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, 2019 va 2023 yilda bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasidagi boks bo‘yicha Jahon chempionatining olin medali sovrindori, professional yo‘nalishda 13 jang – 13 ta nokautlik g‘alabaga ega xalqaro toifadagi sport ustasi Bahodir Jalolov 2001 yilda Surxondaryo viloyatidagi 66-sonli umumta’lim maktabining 1-sinfiga chiqqan. Bo‘lajak chempion u yerda 4-sinifga qadar tahsil olgan. Sportchi maktabdagi xotiralarini quyidagicha esga oladi:

“Birinchi ustozim, Shamsiya opani yaxshi eslayman chunki juda qattiqqo‘l va alohida mehribon inson edilar. Men 4 yil shu yerda o‘qiganman, rostini aytsam, gimnaziyaga o‘xshagan yotib o‘qiydigan maktab edi. Shamsiya opa bizni kerak bo‘lsa urib o‘qitardi. Ammo ko‘rib turganingizdek, bularning barchasi o‘zining ijobiy samarasini berdi”, deydi Bahodir Jalolov.

Shahram G‘iyosov – Buxoro viloyati

Havaskor boksda Olimpiada kumush medalini, Jahon chempionatining esa oltin medalini qo‘lga kiritgan va endilikda professional toifadagi yurishini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan buxorolik charm qo‘lqop ustasi Shahram G‘iyosov 1999 yilda Buxoro shahar Beruniy nomidagi 28-maktabning 1-sinfida o‘qiy boshlagan. Bokschi maktabida a’lo baholarga o‘qigani haqida gapirar ekan, ustozi uning oldiga ikkita yo‘l qo‘yib, ulardan birini tanlashga undaganini ma’lum qildi.

“Maktab haqidagi xotiralar har doim yetarli, eslasam ko‘nglim quvonadi. Birinchi ustozim Muborak Jaloliddinovna faqat shuni takrorlar edi, yo chempion bo‘lasan, yoki prokuror va doim darsdan keyin 1 soat qo‘shimcha mashg‘ulot uchun olib qolar edi”, deydi G‘iyosov. 

Murodjon Ahmadaliyev – Namangan viloyati

2016 yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari sovrindori va profboksda WBA va IBF kamarlarining sobiq egasi hisoblangan Murodjon Ahmadaliyev 2001 yili Namangan viloyati Chust shahridagi 3-sonli umumiy urta ta’lim maktabining 1-sinfiga qabul qilingan. Sportchi o‘qish va yozishni, umuman katta hayotda muhim bo‘lgan ilk saboqlarni shu maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mahbuba Vorisovadan olgan. 

Murodjon Ahmadaliyev 1-қатор чапdaн 6-ўринda

“Maktabda qiziqarli hodisalar juda ko‘p bo‘lgan, eng esda qolarlisi “Birinchi qo‘ng‘iroq” ko‘chadagi gulzorlardan guldasta tayërlab o‘qituvchimizga olib borar edik. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, biz ularni o‘g‘irlardik, chunki u vaqtlarda hozirgidek ko‘chadagi gul do‘konlari bo‘lmagan. Shuning uchun qorovul ko‘rib qolmasin deb, kechasi gullarni uzib qochishga to‘g‘ri kelardi. Ertasi kuni esa hammaning qo‘liga tikan kirgan, shilingan holda Mahbuba opani tabriklar edik. “Birinchi va So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni doim hayajon bilan eslayman”, deydi Murodjon.

Shohjahon Ergashev – Farg‘ona viloyati

Professional boksdagi mag‘lubiyatsiz chiqishlari bilan o‘zbek, qolaversa dunyo sportida o‘z o‘rniga ega, Xalqaro boks federatsiyasi (IBF)ning jahon chempionlik kamari uchun asosiy da’vogar hisoblangan super yengil vaznli bokschi Shohjahon Ergashev 1999 yilning sentyabr oyi avvalida Farg‘onadagi 43-maktabning 1-sinfiga qadam qo‘ygan.

Shohjahon Ergashev тепа қатор ўнгdaн 2-ўринda

“Birinchi o‘qituvchim Muyassarxon Ismoilova bo‘lgan, hozirgacha uylariga borib xabar olib turaman. Qolgan sinfdoshlarimizga qaraganda meni ko‘proq yaxshi ko‘rar edilar, ota-onamdek bo‘lib ketganlar menga. Balki shuning uchundir, 4-sinfgacha “klasskom” bo‘lganman. Juda urishqoq bo‘lganim sabab 4-sinfdan keyin maktabdan haydalganman, shundan so‘ng yana 3-4 ta maktab almashtirdim. 7-sinfdan keyin deyarli o‘qimaganman. Kerakli bilimlarni faqat qo‘shimcha darslar orqali o‘rganganman. Birinchi ustozim bilan xotiralarim juda ko‘p: “O‘g‘il bola urishadi-da yoshligida”, deb meni doim himoya qilardi. Ammo katta bo‘lib ham tinchimadik, hatto haqiqiy urishishni kasb qilib oldik”, deydi bo‘lajak chempion.

Iqboljon Xoldorov – Andijon viloyati

Havaskor boks bo‘yicha Osiyo chempioni, 2017 yilda Gamburgda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon birinchiligining vitse-chempioni, hozirda profboksda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Iqboljon Xoldorov 2003 yilda Andijon viloyatidagi 17-umumta’lim maktabiga chiqa boshlagan. U o‘zining maktab davridagi xotiralarini qisqagina – "yaxshi o‘qimaganmiz, gap eshitib kunimiz o‘tardi", deya esga oldi.

“Birinchi ustozimning ismi Muqaddamxon opa, esimda qolarlisi maktabda bir ikki yil yaxshi o‘qimaganman, rostini aytsam juda ko‘p gap eshitardim”, deydi Xoldorov.

Nursulton Ro‘ziboyev – Andijon viloyati

O‘zbekiston bayrog‘ini UFC kabi dunyoga mashhur promoushen oktagonida yuqori ko‘tarayotgan, professional faoliyati davomida 50 ga yaqin janglarda ishtirok etib atigi 8 marta raqiblariga imkoniyatni boy bergan tajribali MMA jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev 1999 yilda Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi maktabning 1-sinfiga qabul qilingan. Sportchi 4 yillik boshlang‘ich ta’limdagi bilimlarini Hidoyatxon Boltaboyevadan olgan.

Nursulton Ro‘ziboyev 2-қатор 1-ўринda


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev Shahram G'iyosov Bahodir Jalolov Murodjon Ahmadaliev Nursulton Ro'ziboev Iqboljon Xoldorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing