Bahodir Jalolov Toshkentda jang o‘tkazadi

Sport

image

O‘zbekistonlik og‘ir vaznli bokschi Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi professional jangini Toshkentda o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi  axborot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Bahodir Jalolov joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkentda tashkil etiladigan Lift Promotions professional boks oqshomida ringga ko‘tariladi. O‘sha kuni unga Janubiy Afrika vakili Kris Tompson raqiblik qiladi. 

Mazkur boks oqshomi poytaxtdagi “Humo Arena” majmuasida tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 12-17 noyabr kunlari Toshkentda WBC tashkilotining konvensiya tadbiri ham o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov professional faoliyati davomida 13 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning barchasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lgan. Kris Tompson shu vaqtgacha 18 bor ringga ko‘tarilgan va 12 ta g‘alabaga erishgan. U 5 ta jangida raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, 1 ta durang natija qayd etgan. 

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov joriy yilning 23 sentyabr - 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda oltin medaliga ega chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bahodir Jalolov WBC Kris Tompson Humo Arena

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing