Bahodir Jalolov nega JCHda ishtirok etmaydi? So‘z uning murabbiyiga

Intervyu

image

O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev Bahodir Jalolovning Jahon chempionatida ishtirok etmayotgani, Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarning foydali tomonlari, Hasanboy Do‘smatov va Shahram G‘iyosovning tarkibga jalb qilinishi hamda hakamlik masalalari haqida gapirdi.

“Bahodir Jalolov Jahon chempionatiga bormaydi. Olimpiadadan so‘ng, u sport targ‘iboti uchun juda ko‘p tadbirlarda ishtirok etdi va mashg‘ulotlarni o‘zi istaganidek o‘tkaza olmadi. Musobaqada nomiga ishtirok etib qaytish niyatimiz yo‘q. U Olimpiada va Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan, bu esa har safar osonlikcha g‘alaba qozonishni anglatmaydi. Biz bokschimizdan xafa emasmiz, sababi Vatan bizga nimadir beryaptimi, biz ham unga bera olishimiz shart. Har bir vazn toifasida raqobat bor. Bahodirning o‘rniga Lazizbek Mullajonovni olib ketyapmiz, u ham juda kuchli bokschi va joriy yil harbiylar o‘rtasida Jahon chempioni bo‘ldi. O‘ylaymanki, yaxshi natijalar qayd etamiz” deydi Qilichev. 

Shuningdek, murabbiy Kuba boks terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulot va yuklanmalar haqida ma’lumot berdi:

“Olimpiya o‘yinlaridan keyingi eng katta va muhim musobaqa arafasida turibmiz, reja asosida munosib tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Avvalgi turnirlardan farqli o‘laroq, so‘nggi maxsus tayyorgarlikni Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazilmoqda. Ruhiy tomondan biz uchun foydali mashg‘ulot bo‘lmoqda. Chunki, Kuba ham O‘zbekiston singgari jahondagi eng kuchli terma jamoalardan biri. Tokio Olimpiadasida mavjud bo‘lgan 8 ta vaznning 4 tasida kubalik bokschilar Oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ulardan 3 nafari biz bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Bu kubaliklar uchun ikki karra foydaliroq, sababi ular bizning o‘lkada mashg‘ulot o‘tkazyapti. Har bir vazn toifasida ikki-uch nafar o‘zbek bokschilari bilan sparring olib borishmoqda”. 

To‘lqin Qilichevning fikricha, Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatovning yana terma jamoada paydo bo‘lishi va tarkibda yosh bokschilar sonining ko‘pligi hech bir bokschi e’tibordan chetda qolmasligini ko‘rsatadi.

“Tarkib rahbariyat va murabbiylar ishtirokida tuzib chiqildi. Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatovning Jahon chempionati uchun tanlanishi va tarkibdagi bokschilarning 70 foizi yoshlardan iborat ekani O‘zbekistonda hech bir bokschi e’tibordan chetda qolmasligini ko‘rsatadi. 

Dunyoda boks rivojlanyapti, biz eng yuqorida turganimizda o‘zimizning xatolarimizni bila olmaymiz. Dastavval, istaymizmi yo‘qmi, yoshlar tajriba to‘plagunicha natijalar pastroq bo‘ladi. Demak, qayerdadir xato qilganmiz va shuning ustida ishlashimiz kerak.   

Hakamlik masalasini muhokama qilaverish bizni asosiy vazifamizdan chalg‘itib qo‘yishi mumkin. Boksda inson omili sababli ana shunday tushunarsiz qarorlar bo‘lib turadi. Boshqa davlat bokschilari nazarida hakamlar bizga yon bosgan bo‘lishi mumkin. Bundan tushkunlikka tushish kerak emas, ringda barchaga kuchliligimizni isbotlasak, kifoya”, deydi Qilichev. 

Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha Jahon chempionati joriy yilning 24 oktyabridan 6 noyabriga qadar Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkaziladi. Musobaqa oldidan Toshkent viloyatida joylashgan “Yangiobod” sport bazasida O‘zbekiston va Kuba terma jamoasi birgalikda yig‘in o‘tkazmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bahodir Jalolov AIBA Jahon chempionati To'lqin Qilichev

Baholaganlar

652

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing