Azov dengizida dronlar hujumi oqibatida 5 ozarbayjonlik halok bo‘ldi (video)
Olam
−
05 iyun 7362 2 daqiqa
Bugun, 5 iyunga o‘tar kechasi Azov dengizining Taganrog qo‘ltig‘ida dronlar ikkita yuk kemasi – “Natra” va “Sirkon” teploxodlariga hujum qildi. Hodisa oqibatida besh nafar ozarbayjonlik halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohatlandi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, kemalar bortida jami 25 nafar Ozarbayjon fuqarosi bo‘lgan, biroq kemalarning o‘zi ushbu mamlakatga tegishli bo‘lmagan. Ular Palau va Beliz bayroqlari ostida suzgan hamda Turkiyadan Rostov-Don shahriga g‘alla ortish uchun ketayotgan bo‘lgan.
“Natra” kemasiga to‘rtta dron borib urilgan, shundan so‘ng bortda yong‘in chiqqan va ekipaj uni o‘z kuchi bilan o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Kema cho‘kmagan, biroq shatakka olishga muhtoj. “Sirkon” kemasiga ham to‘rtta zarba berilgan. Ekipaj cho‘kayotgan kemani qutqaruv qayiqlarida tark etgan. Omon qolgan dengizchilarni falokat joyi yaqinidan o‘tib ketayotgan uchta kema qutqarib olgan. Ertalabga yaqin qutqarilgan dengizchilar Yeysk portiga yetkazilgan, yaradorlar shifoxonaga yotqizilgan. Shikastlangan “Natra” kemasini shatakka olish uchun ikkita kema yo‘lga chiqqan. Favqulodda hodisa joyiga Ozarbayjonning Rossiyadagi elchixonasining bir nechta xodimi jo‘nab ketgan.
Rossiya TIV Azov dengizidagi yuk kemalariga qilingan dronlar hujumi ortida Ukraina turganini da’vo qilgan.
“Biz Qora dengiz va O‘rta yer dengizi akvatoriyasida tinch aholi fuqarolik kemalariga havo va dengiz dronlari yordamida kim hujum qilayotganini yaxshi bilamiz. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, hammaga ma’lum mamlakat. To‘g‘rirog‘i, o‘sha mamlakatda hokimiyatni egallab olgan rejimdir”, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin.
Rossiya Mudofaa vazirligining bayonotiga ko‘ra, o‘tgan kechada mamlakat hududi uzra Ukrainaning 123 ta uchuvchisiz uchish apparati “yo‘q qilingan va tutib qolingan”. Ularning bir qismi Azov dengizi akvatoriyasi ustida urib tushirilgan. Ukraina Qurolli kuchlarining Uchuvchisiz tizimlar kuchlari esa tungi hujum davomida vaqtincha bosib olingan Mariupol va Berdyansk portlarida, shuningdek, sohilbo‘yi suvlarida Rossiyaning beshta kemasiga zarba berilganini ma’lum qilgan.
“Okkupantning kontrabanda logistikasini to‘xtatish kerak”, deydi uchuvchisiz qo‘shinlar qo‘mondoni Robert “Madyar” Brovdi o‘zining Telegram-kanalida.
U Ukraina g‘allasini tashiyotgan Rossiya kemalarini na quruq yuk kemalari va tankerlarning bo‘yab o‘chirilgan nomlari, na o‘chirib qo‘yilgan radarlar qutqarib qola olmasligini ta’kidlagan va zarbalar davom etishini va’da qilgan.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust