Azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘laydi. Bolgariya Ukraina masalasida xavotirga tushib qoldi
Olam
−
08 fevral 2022
13273Bolgariya mudofaa vaziri Stefan Yanev Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan Rossiya va NATO o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi.
“Ukraina atrofidagi hozirgi vaziyat Yevroatlantika xavfsizligiga tahdid solmoqda va Bolgariya milliy xavfsizligiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deydi Yanev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa sovuq urush tugaganidan beri eng katta inqirozga yuz tutmoqda.
“Mamlakatdan tashqarida hech kim Bolgariyaning milliy xavfsizligi va mudofaa choralari bo‘yicha tayyor yechimlarni keltirmaydi. Bolgariya armiyasi kadrlar yetishmovchiligini qoplashi kerak, quruqlikdagi qo‘shinlar ehtiyojlari uchun zirhli texnika sotib olish tartibi tezlashadi”, deydi mudofaa vazirligi rahbari.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning 11 dekabr kuni AQSH Prezident Jozef Bayden jurnalistlarga, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kiradigan bo‘lsa, AQSH “Buxarest 9” davlatlari: Bolgariya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Estoniyaga qo‘shin joylashtirish bilan ogohlantirganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Rossiya agressiyasiga qarshi oldindan ko‘rilgan chora sifatida AQSH Polshaga rasman o‘z qo‘shinlarini kiritdi.
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.
Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.
Boshqa tomondan Rossiya, Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.
LiveBarchasi