Aytilgan gap – otilgan o‘q. Bayden Putin haqida gapirganlaridan qaytmoqchi emas
Olam
−
29 mart 2022
12323AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putinni hokimiyatda qolmasligi haqidagi so‘zlarini qaytarib olmaganini, bu bayonotlar faqat uning shaxsiy fikri va Vashington siyosatidagi o‘zgarish emasligini ta’kidladi. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar berdi.
"Men rad etmayman. Putin muammolarni qanday hal qilayotgani va bu shaxsning xatti-harakatlaridan g‘azablanayotganimni bildirdim. Ammo aniq aytmoqchimanki, o‘sha paytda ham, hozir ham siyosiy pozitsiyamni o‘zgartirmayapman. Men g‘azabimni bildirdim va buni siyosatga aloqasi yo‘q. Bu mening shaxsiy his-tuyg‘ularim", deydi Bayden jurnalistning “Rossiya rahbari haqida aytganlaringizdan afsuslanasizmi?”, degan savoliga javoban.
Avvalroq, Oq uy rahbari Polsha-Ukraina chegarasiga tashrifi chog‘ida Rossiya hech qachon Ukraina ustidan g‘alaba qilolmasligi va Vladimir Putin hukumatda qololmasligini aytgandi.
Shundan so‘ng, AQSH ma’muriyati Amerika Prezidenti Jo Baydenning Varshavadagi so‘zlarini tushuntirib, u Rossiyada hokimiyatni ag‘darish niyatida emasligi haqidagi bayonot bilan chiqqan.
Bundan tashqari, Bayden Putinni “qassob”, shuningdek ikkinchi bor “harbiy jinoyatchi” deb atagandi.
Bayden “harbiy jinoyatchi” ta’rifini Rossiya yetakchisiga nisbatan birinchi bor 16 mart kuni ishlatgandi. U Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda shunday bayonot bergan. “Fox News” muxbiri Amerika yetakchisidan Putinni harbiy jinoyatchi deyishga tayyormisiz, deb so‘raganida, Bayden avvaliga salbiy javob bergan va xonani tark etgan. Biroq, u keyin qaytib kelib, “U harbiy jinoyatchi”, deb javobini o‘zgartirgan. Ertasi kuni u Putinni “qotil diktator” va “bandit” deb atagan.
RF Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bayden Putinga nisbatan haqoratga o‘tayotganini ta’kidlab, Kreml bunga munosabat bildirmasligini qo‘shimcha qilgan. Har qanday munosabat Bayden tomonidan bildirilayotgan yanada dahshatli ayblov bilan qarshilashishi qayd etilgan.
Shuningdek, Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin dono siyosatchi bo‘lgani uchun AQSH Prezidenti Jo Baydenning o‘zi haqidagi nomaqbul bayonotlariga javob qaytarmayapti.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Baydenning Putinga qarshi ayblovlari AQSH-Rossiya munosabatlarini jar yoqasiga keltirib qo‘ygani haqida ogohlantirdi. Tashqi ishlar vazirligi bunday bayonotlar qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi.
LiveBarchasi