Aytamiz ham, qaytamiz ham! Toshkent viloyati hokimligi 28 mlrdli haykal baribir o‘rnatilishini aytdi
Jamiyat
−
13 dekabr 2021
9806Avvalroq Toshkent viloyati hokimining farmoyishi bilan Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi nazarda tutilgan farmoyishi bekor qilingani haqida xabar bergan edik.
Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati mazkur xabarga munosabat bildirib, loyiha bekor qilinmaganini aytdi va o‘zi e’lon qilgan xabarni rad qilib chiqdi.
“Toshkent viloyati hokimligi tomonidan joriy moliya yilini samarali yakunlash maqsadida hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim tadbirlar ko‘lamini inobatga olib, 2021 yil davomida Toshkent viloyati mahalliy byudjeti daromadlarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar uchun ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi tahlil qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 23 apreldagi 144-f-son farmoyishiga asosan kameralar uchun, 2021 yil 30 apreldagi 157-f-son farmoyishiga asosan kichik sanoat zonasida ichimlik va oqava suv tarmoqlarini ulash uchun hamda Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 3 noyabrdagi “Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan ajratilgan mablag‘larni belgilangan tadbirlar bo‘yicha hisob-kitoblar va loyihalashtirish ishlari yakuniga yetmaganligi sababli o‘zlashtirish imkoni mavjud emasligi aniqlandi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etilishicha, Byudjet kodeksiga asosan moliyaviy majburiyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy moliya yili doirasida amalga oshirilishi belgilanganligidan kelib chiqib, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi bilan kelishilgan holda yuqoridagi tadbirlarga ajratilgan mablag‘lar qisman chegirilgan.
Shuningdek, viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmiga nisbatan qarzdorliklar shakllangan bo‘lib, chegirilgan mablag‘lar viloyatda olib borilayotgan va moliyalashtirilishi zarur bo‘lgan boshqa maqsadlar hamda kreditor qarzdorliklarni bartaraf qilishga yo‘naltirilishi belgilab olingan.
“Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish bo‘yicha farmoyish bekor qilinmagan, aksincha, joriy yil moliya yili davomida ajratilgan mablag‘larning ishlatilmagan qismidan samarali foydalanish va boshqa qarzdorliklarni bartaraf etish uchun chegirib olingan.
Ushbu ob’ektga kelgusida aniq hisob-kitoblarga asosan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutiladi”, deya yakunlangan hokimlik munosabati.
Biroq hokim tomonidan imzolangan farmoyishda shunday band bor edi:
“Bunda, viloyat hokimining 2021 yil 3 noyabrdagi 179-10-0-F/21-sonli farmoyishi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin”.
Hokimlik matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan xabarda loyiha bekor qilingani aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgandi.
“Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda “Nurafshon Business City” hududida zamonaviy kutubxona binosining qurilishi bekor qilindi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida Nurafshonda Zulfiya Zokirova haykalini qurish uchun 28,4 mlrd so‘m, shuningdek, kutubxona binosining qurilishi uchun 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani xabar qilingandi. Bu xabar jamoatchilik orasida ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgandi.
LiveBarchasi