Ayrim soliqchilar har oyda ustama haq olishi belgilanmoqda
Jamiyat
−
07 dekabr 2021
7057Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Qaror loyihasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 943-son qaroriga onlayn-NKM yoki virtual kassaga texnik xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining talablari bo‘yicha faqat ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi lozimligi, virtual kassani davlat reyestriga kiritish uchun Davlat soliq qo‘mitasining maxsus hisob raqamiga pul mablag‘i o‘tkazilmasligi, onlayn-NKM yoki virtual kassani davlat reyestriga kiritish maqsadida “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan ekspertiza xulosasi ariza kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etilishi to‘g‘risidagi me’yorlar belgilanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-sonli qaroriga muvofiq tasdiqlangan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning kameral va sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qaror loyihasiga asosan:
yuridik shaxsni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish bilan bog‘liq qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda BHMning 50 baravaridan ortiq soliq qarzi mavjud bo‘lganda yoki tovar aylanma yoxud tovarlar importi hajmi hisobotlarda to‘liq aks ettirilmaganligi uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘lishini belgilab qo‘yish;
soliq organlarining falsafa doktori (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasiga ega xodimlariga har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,3 baravari, fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga ega xodimlariga esa 6,6 baravari miqdorida ustama haq to‘lash yuzasidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada Vazirlar Mahkamasining “Iste’mol tovarlari bilan ulgurji va chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1999 yil 19 martdagi 125-son va “Buxoro va Farg‘ona shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining soliq kollejlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2000 yil 4 maydagi 178-sonli qarorlarini bekor qilish nazarda tutilgan.
Loyiha Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali jami 25 ta manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan.
LiveBarchasi