Ayrim OTMlar shtatida umuman professor-o‘qituvchilar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
07 iyul 5323 3 daqiqa
O‘zbekistonning ayrim oliygohlarida shtatida umuman professor-o‘qituvchilar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rganilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, eng yuqori yuklama ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida kuzatilgan bo‘lib, ularda talabalar va professor-o‘qituvchilar nisbatlari belgilangan me’yorlardan ancha past va sifatli ta’limni tashkil etish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat oliygohlarida 1,6 milliondan ortiq talabaga 61 mingdan ziyod professor-o‘qituvchi dars bermoqda. Talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi eng qulay nisbat davlat oliygohlarida kuzatilmoqda. Bunda bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 19,1 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Davlat oliygohlari jami talabalarning 59,2 foizini qamrab oladi.
Xorijiy oliygohlar filiallarida ushbu ko‘rsatkich bir nafar professor-o‘qituvchiga 32,9 nafar talabani tashkil etmoqda. Eng yuqori nisbat oliy ta’limning nodavlat sektorida qayd etilgan. Mamlakat umumiy talabalar kontingentining 38,3 foizi tahsil olayotgan ushbu sektorda 10,6 ming nafar professor-o‘qituvchi mavjud. Bu esa har bir professorga 55,3 nafar talaba to‘g‘ri kelayotganini bildiradi. Bu ko‘rsatkich davlat oliy ta’lim tashkilotlaridagi ko‘rsatkichdan qariyb 3 barobar yuqori. Xususan, ba’zi oliygohlarda bir nafar professor-o‘qituvchiga 100 nafardan, ba’zi hollarda 200 dan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda.
Oliygohlar toifalari kesimida eng qulay nisbat ijod (sport) fanlari oliygohlarida qayd etilgan bo‘lib, ularda bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 8,4 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Tibbiyot fanlari oliygohlarida ushbu ko‘rsatkich 13,6 nafarni, amaliy fanlar oliygohlarida 26,8 nafarni, ijtimoiy-gumanitar fanlari oliygohlarida esa 44,3 nafarni tashkil etadi.
Ayrim oliygohlarda professor-o‘qituvchi va talabalar nisbati keskin darajada yuqori.
Jumladan:
- Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetida – 236,6 nafar;
- IT-Park universitetida – 244 nafar;
- Singapur menejmentni rivojlantirish institutida – 140,1 nafar;
- International School of Finance and Technology’da — 133,8 nafar;
- “Millat umidi” universitetida – 127,3 nafar talabaga bir nafar professor-o‘qituvchi to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, ayrim oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlikning amaldagi holatini to‘liq aks ettirmaydigan ko‘rsatkichlar aniqlangan. “Yagona milliy mehnat tizimi” (YAMMT) ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim oliy ta’lim tashkilotlarida asosiy ish joyida professor-o‘qituvchilar mavjud emas yoki ularning soni juda kam bo‘lib, bu ko‘rsatkichning anomal yuqori qiymatlari shakllanishiga olib kelgan. Bundan tashqari, ayrim xorijiy filiallar bo‘yicha (Webster University, Riga Nordic University va boshqalar) YAMMT ma’lumotlariga ko‘ra asosiy ish joyida o‘qituvchilar mavjud emas, shu sababli mazkur ko‘rsatkichni hisoblash imkoniyati yo‘q.
Live
Barchasi