Ayrim (nomzod)larning saviyasi o‘tgan asrda qolib ketgan – Xo‘jayeva O‘zbekistondagi saylov haqida
Jamiyat
−
05 dekabr 2019
9770Ma’lumki, joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kutilayotgan saylovga “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” deya olamshumul nom bermoqda. Aslida-chi? O‘zbekistonda saylov tizimi qanchalik yangilandi? Odamlar-chi, odamlarning saylovga nisbatan munosabati o‘zgardimi? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, yuridik fanlari nomzodi, Adliya polkovnigi Sayyora Xo‘jayevaga yuzlandi.
“Mana, saylov (jarayon)lar ketyapti. Bo‘lajak deputatlarning ayrimlarini ko‘rib, xafa bo‘lib ketdim. Chunki, ayrimlarning saviyasi shu darajada o‘tgan asrda qolib ketganki, ular ertaga mabodo qandaydir tasodiflar bilan saylanib qolsa, bizning taqdirmizni hal qiladi.
Bunga qaysidir ma’noda o‘zimiz ham aybdormiz. Chunki, saylovlarga chiqib, ishtirok etib, kerak bo‘lsa saviyali, iqtidori yuksak insonlarga ovoz berish o‘rniga... Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bizni shuning uchun ham tanqid qiladi.
Bu O‘zbekistonga xos emas, butun O‘rta Osiyoda shunday. Markaziy saylov komissiyasida ishlaganimda kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etganman. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ham xuddi shunday vaziyat. Chunki birdaniga stereotiplarni o‘zgartirish qiyin. Buning uchun avlodlar almashinuvi kerak va men o‘ylaymanki, bizdan keyingi avlod, masalan, sizlar albatta boshqacha yondashasizlar. Lekin sizlarning oralaringizda ham har xili bor, xafa bo‘lmang”, deydi Sayyora Xo‘jayeva.