Ayrim mahsulotlar uchun bojxona to‘lovi nolga tushiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ayrim mahsulotlarning import qilishda bojxona to‘lovlari nolga tushiriladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Vazirning qayd etishicha, tijorat banklari va O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ko‘rilayotgan choralar natijasida aholiga rublda pul o‘tkazmalari to‘xtovsiz ta’minlangan va bu borada ishlarni davom ettirish topshirilgan.

Shuningdek, Prezident Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish haqida topshiriq bergan.

“Ba’zi tadbirkorlarda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada olingan kreditlarni qanday to‘lash haqida xavotir paydo bo‘lishi mumkin. Xabaringiz bor, o‘tgan yilning avgust oyida Prezidentimiz tadbirkorlar bilan uchrashuvda ushbu kreditlarni so‘mda to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu mexanizmdan har qanday tadbirkor foydalanishi mumkin”, dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Qo‘chqorovga ko‘ra, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, kreditlarni hammaga yetarli ekanini ta’minlash, yangi bozorlarni topish, iste’mol bozorining barqarorligini ta’minlash, narx-navoning keskin oshib ketishining oldini olish bo‘yicha ham qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Prezdent xatto ayrim mahsulotlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarni nol qilib belgilash haqida ham topshiriq bergan.

Shu bilan birga, mehnat muhojirlari muammolarini hal qilish uchun Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari vakillaridan iborat maxsus shtab tashkil etiladi.

Prezident transport-logistika masalalariga to‘xtalgan va tadbirkorlarni revolver kreditlar bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishga topshiriq bergan.

“Transport-logistika masalalarini hal etish, jumladan, Uzbekistan Airways faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillariga sharoit yaratib berish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Soliq qo‘mitasiga ko‘rsatmalar berildi”, dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avvalroq mamlakatda soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlar to‘xtatib turilishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

447

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing