“Ayrim qarorlar oylab cho‘zilmoqda”. Prezident Yangi Toshkentdagi qurilish jarayonlarini tanqid qildi

Jamiyat

−

image

Yangi Toshkentda qurilish qilish uchun takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar oylab cho‘zilmoqda. Bu haqda bugun, 12 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda so‘z ochdi.

Prezident Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar qurish uchun ishlab chiqilganini, biroq u sarmoyadorlar tashabbusiga to‘siq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan. Agar o‘ziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki ob’ekt turini o‘zgartirish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlanishi lozim. 

Bunga huquqiy imkoniyat bor. Ammo takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar oylab cho‘zilmoqda. Shu sababli investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish talab etilgan. 

“Sankt-Peterburg” mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi bejiz emas: uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyor. Direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Yangi Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanadigan yirik tijorat ob’ektlari ham kerak. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi. 

Shu maqsadda ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Tashabbus ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqalar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.

Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy ob’ektlar qurilishiga turtki berish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Davlat rahbari turarjoy qurish bilan shaharga xizmat qiladigan mehmonxona yoki savdo markazini barpo etishning iqtisodiy yuki bir xil emasligini ta’kidlagan. 

Infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm ob’ektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi. 

Bu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi. Dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalarga tezkor tartib qo‘llanadi. Loyihalash, qurilish va ob’ektni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtiriladi, bir xil ma’lumotni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing