Ayrim hokim va “zamhokim”lar ham mukofotlandi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan bir guruh hokimlarni mukofotladi. Bu haqda u tegishli Farmonga imzo chekdi.

Farmon bilan Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova “El-yurt hurmati” ordenini oldi. U 2022 yilda tuman rahbari sifatida ishga kirishgan. Ungacha esa Olot tumani hokimi o‘rinbosari – tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan. Nargiza Ne’matova 1964 yilda tug‘ilgan, uning ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi vrach-terapevt. 1991 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan.

Poytaxtning Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev esa “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. U ham 2022 yilda hokimlikka tayinlangan. Tayinlovga qadar u 2020 yilning dekabr oyidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qartirish vazirining birinchi o‘rinbosari, 2019 yilning mart oyidan boshlab esa O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Saidqahhor Xolxo‘jayev 1981 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2006 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.

“Shuhrat” medali bilan ham qator hokimlar va hokim o‘ribosarlari mukofotlandi. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Elmurod Avazov, Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Qutlimurodova, Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Alisher Qodirov, Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jalol Arashov, Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimi Ahror Mansurov, Toshkent viloyatining Angren shahar hokimi Alisher Rayimov, Navoiy viloyatining Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev, Farg‘ona viloyatining So‘x tumani hokimi Saidbahrom Saidmusayev ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.

Ma’lumot uchun, Jarqo‘rg‘on hokimi Elmurod Avazov 2023 yilda hokim sifatida ishga kirishgandi. U 2022 yildan buyon Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Savdo va xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Mingbuloq hokimi Mansurov esa o‘tgan yilning avgust oyida tuman rahbari bo‘ldi. Angren shahar hokimi Alisher Rayimov va Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev 2022 yilda tayinlangan. So‘x hokimi esa 2020 yildan buyon tuman rahbariyatiga bosh bo‘lib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan bir guruh davlat xizmatchilarilarini mukofotlagandi. Ular orasida bir nafar vazir, vazir o‘rinbosarlari va qo‘mita raislari ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Chilonzor Olot hokimlar mukofotlash zamhokim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing