Ayol kishi nomidan tovlamachilik qilgan yigit ushlandi
3-sahifa
−
18 mart 2022
6992Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida Telegram'da ayol kishi nomidan profil ochib, tovlamachilik qilgan erkak ushlandi. Bu haqda viloyat IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Yangiyo‘l shahrida yashovchi 25 yoshli D.Z. Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Babadjanova” (ayol kishi nomiga ochilgan) profili egasi bilan tanishib, u bilan bir qancha vaqt muloqot qiladi.
Jarayonda “Babadjanova” akkaunti egasi o‘zini ayol kishi deb tanishtirib fuqaro D.Z.ga bir nechta ayollarning behayo lavhalari aks etgan videolarni yuboradi. D.Z. ham unga javob beradi va tarmoq orqali virtual munosabat o‘rnatiladi.
Shundan so‘ng, “Babadjanova” akkauntidagi noma’lum shaxs fuqaro D.Z.ga u bilan bo‘lgan shaxsiy yozishmalarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik va sharmanda qilmaslik evaziga dastlab 200 ming so‘m pullarni plastik karta orqali olishga erishadi va oradan vaqt o‘tib yana 100 AQSH dollari talab qiladi.
D.Z.ning arizasiga asosan Yangiyo‘l shahar IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qidiruv tadbiri natijasida – ayol kishi nomiga profil ochib, fuqarolardan shaxsiy yozishmalarni tarqatmaslik evaziga pul talab qilib kelayotgan, Toshkent shahrida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan M.Z. (erkak) ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Z.ga nisbatan Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.